Nega biz shunaqamiz?

– Gapirma shu mahalla raisini, yoniga qarindoshlarini yig‘ib olgan.

– Yordam pulini faqat “o‘zining odamlari”ga chiqaradi.

– Mana, vakolati tugayapti, nima qilib berdi? Bitta ko‘chani ta’mirlatib ham berolmadi-ku!

Bunga o‘xshash gaplar qulog‘ingizga chalingan chiqar.

Bugun soat 11:00 da mahallada rais saylanishi kerak edi. Saylanmadi. Sabab – ovoz berishi lozim bo‘lgan fuqarolarning to‘rtdan biri ham saylovga kelmadi.

Bu vaziyat kamida ikkita taxminni yuzaga chiqaradi.

Birinchidan, saylovni tashkil qilishda sustkashlikka borilgan. Odamlar eshitmagan, saylovdan xabardor qilinmagan.

Ikkinchidan, fuqarolar bu jarayonga jiddiy qaramaydi, mahalla raisining kim bo‘lishi ularni qiziqtirmaydi.

Birinchi shubhaning oxiriga yetish muammo emas. Chunki, ishchi guruh saylov kuni, vaqti aniq qilib belgilangan TAKLIFNOMAni ro‘yxatga olingan vakillarga yetkazib berar ekan, imzo qo‘ydirib oladi. Demak, bunday tashkiliy ish, RASMIYaTChILIK ishchi guruhning eng ehtiyot bo‘ladigan tomoni. Sababi, saylovga yetarlicha odam yig‘ilmas ekan, qonunchilikka ko‘ra o‘tmagan hisoblanadi. Bundan ishchi guruh va uning raisi hech qanday manfaatdor emas. O‘zini o‘zi sarson qilish, muammo yuzaga keltirish ularga kerak emas.

Demak, achchiq bo‘lsada, IKKINChI TAXMINni tan olishga majburmiz. Ya’ni, odamlarimizga mahalla raisi kim bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Bunga amin bo‘ldik. Taklifnoma jo‘natilgan bo‘lishiga qaramay, qariyb ikki soat davomida xonadonlarga saylov o‘tkazilayotgani haqida xabar yuborib turildi. Shunday bo‘lsada, yetarlicha odam yig‘ilmadi.

Endi bir yildan keyingi holatni tasavvur qilib ko‘raylik. O‘shanda maqolamiz avvalidagi luqmalar tilga ko‘cha boshlaydi: bu raisni kim saylagan, nima qilib berdi, mening nabiramga yordam puli chiqarmadi, “qaytib kelgan” qizimni uy-joy uchun ro‘yxatga kiritmadi va hokazo...

Mantiqan olib qaraganda, rahbar saylanayotganda sukut qilish, loqayd bo‘lish ertaga o‘zimizning muammomizga aylanadi. Chunki, bizni bu holat bir yil avval qiziqtirmayotgandi. Endi raisni izlab qoldik. Vaholanki, bu raisni biz ham, bizning dardimiz ham endi qiziqtirmaydi. Chunki uni biz saylamagansiz. Ko‘nglimizdagi odam emas u. Saylovga majburan yig‘ilgan odamlar saylagan vakil u.

Xo‘sh, yana kimga jabr? O‘zimizga!

Masalaning boshqa bir qiziq tomoni, biz misol keltirayotgan mahalla raisi sayloviga kelgan vakillarning deyarli hammasi yoshi ulug‘ odamlar, maktab o‘qituvchilari. Nega? Emishki, ULAR BEKORChI... Qolganlar ishli odamlar. Vaholanki, ko‘chada haqiqiy bekorchilarni ham ko‘rdik. Nima qilishini bilmay o‘tiribdi.

Boringki, saylov nega dam olish kuni o‘tkazilmadi? Qiziq, nega to‘yni, gap-gashtakni, maishatni dam olish kuniga to‘g‘rilamaymiz? Bunday tadbirlarga vaqt topildimi, topiladimi, bahonaga o‘rin qolmaydi. Qolaversa, davlat ishida ishlayotgan bo‘lsada, yig‘ilganlar orasida o‘nga yaqin odamni uchratdik. “Mahallamda saylov bo‘lyapti, bir-ikki soatga ishga kechikib boraman”, deb asos ko‘rsatgan odamlar bilan suhbatlashdik.

Yaqinda dunyoning narigi tomonida saylovga bo‘lgan munosabat aks ettirilgan videorolik tarqaldi. Undan anglashiladiki, biz saylamagan odam – biz yoqtirmagan taom, bizga yarashmaydigan kiyim!

Gapi kelganda, mahalla tizimini dunyoda o‘xshashi yo‘q tashabbus sifatida baholaymiz. Haqiqatan ham tizim faoliyatini muvofiqlashtiruvchi qaror va qonunlarimiz ko‘paydi. Birinchi marta mahalla raisini yashirin ovoz berish orqali saylay boshladik. “Beting-ko‘zing” demaslikka, yaxshi yashashimiz uchun hissa qo‘sha oladigan odamni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Ammo amalda eskicha shuurimiz, ongimiz bilan munosabat bildiryapmiz.

Dunyoni o‘zgartirishni o‘zingdan boshla, deydi ulug‘lar. Xullas, endi biz saylagan Prezident, deputat yoki mahalla raisi uchun birovdan o‘pkalamaylik. Chunki bizning saylamaganimiz – saylaganimiz!.. Sukut – rizolik alomati.

 

Isomiddin PO‘LATOV.