Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilishi ham mumkin

Takroriy saylov qanday hollarda o‘tkazilishini bilasizmi?

Agar fuqarolar yig‘ini raisi saylovida fuqarolar yig‘inida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.

Shuningdek, fuqarolar yig‘ini raisi saylovi fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, agar yig‘ilishda hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.

Saylov haqiqiy emas deb topilishi ham mumkinmi?

Albatta, qonunchilikda bu holat bo‘yicha ham aniq normalar belgilangan.

Xususan, fuqarolar yig‘ini raisi saylovi davomida yoki ovozlarni sanab chiqishda yo‘l qo‘yilgan va ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Saylov o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilganda, shuningdek, takroriy ovoz berish fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylanganligini aniqlash imkonini bermasa, bundan tashqari, ko‘pi bilan ikki nafar nomzod ko‘rsatilgan hamda ulardan birontasi ham saylanmagan bo‘lsa bir oylik muddatdan kechiktirmasdan takroriy saylov o‘tkaziladi.

Bunda ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod mahalla raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan hisoblanadi.