Mahallalar ixtisoslashuvi aholi daromadini qanchalik oshiradi?
Joriy yilda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasida bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishda avvalo, mahallalarning ixtisoslashuviga qattiq e’tibor qaratayapmiz. Har bir mahallaning o‘ziga xos imkoniyati, tabiiy resurslari va aholining ko‘nikmalari va salohiyatidan kelib chiqib, muayyan bir yo‘nalishda ixtisoslashgani aniqlanadi. Bunda mahallalar toifalarga (ixtisolashuvi past, o‘rta, chuqur) ajratiladi. Viloyatdagi 1063 ta mahallaning 170 tasi past, 476 tasi o‘rta va 417 tasi chuqur ixtisoslashgan.
Joriy yilda dehqonchilikni rivojlantirish borasida “Uzagrostar xolding” kompaniyasi va uning ta’sischiligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar ko‘magida 261 ta mahalladagi 117 ming 173 xonadonni aholi tomorqalari va uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydonlarida bir xil tur va standartdagi mahsulotlar yetishtirish hisobiga ixtisoslashuvini chuqurlashtirish ko‘zda tutilgan.
“Har bir oila - tadbirkor” dasturi yo‘nalishida 320 millliard so‘m kredit mablag‘ini yo‘naltirishda birinchi navbatda, mahalla ixtisoslashuviga e’tibor qaratiladi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik Davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 19,9 milliard so‘mlik subsidiya va ssudalar ajratish hisobiga 2 mingga yaqin xonadon daromadini oshirish ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligida “Loyihaviy yondashuvlar” asosida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida bir qator ishlar amalga oshiriladi.
Xususan:
- “Bir kontur - bir mahsulot” tamoyili asosida 7612 ta konturdagi 14,5 ming gektar ijara yer maydonlarida mahsulotlar yetishtirish hisobiga 653 ta mahalladagi 49 ming aholi daromadini oshirish;
- “Namunali tomorqa” loyihasi doirasida 14 ta mahallada tanlangan xonadonlarga 392 million so‘m;
- “Namunali va innovatsiyali xonadon loyihasi” doirasida 14 ta mahallada tanlangan xonadonlarga 496 million so‘m;
- “Yeksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan usta-dehqonlar” loyihasi doirasida 5 ta mahallaga 375 million so‘m;
- “O‘quv tajriba uchastkalari tashkil etish” loyihasi doirasida 7 ta mahallaga 576,8 million so‘m subsidiya ajratilishi hisobiga aholi daromadi oshiriladi.
Shuningdek, “Uzum ishkomi” loyihasida 8 ta mahallaga 696,2 million so‘m ajratilib, 105 nafar aholi daromadga ega bo‘ladi.
“Ijara yer va tomorqada suv ta’minotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish hisobiga 21 ta mahallada 37 ta tik quduq qazish evaziga 309 gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanib, 733 nafar aholi daromadga yo‘naltiriladi.
“1000 gektar mevali bog‘” loyihasi doirasida Nurobod tumani Mash’al mahallasida 100 gektar bog‘ tashkil qiliniib, 300 nafar aholi bog‘dorchilikka ixtisoslashtiriladi.
Viloyatda turizm loyihalarini amalga oshirish hisobiga 19 ta mahallani turizmga ixtisoslashtirish hisobiga 419 nafar aholining bandligi ta’minlanadi.
Viloyat markazlarini bog‘lovchi 150 ta mahallada 139 milliard 950 million so‘mlik 48 ta “Gavjum ko‘chalar” va “Sohil va yo‘l bo‘yi” loyihalarini amalga oshirish hisobiga xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida ixtisolashuvni kengaytirish va aholi daromadini oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan bir qatorda, sanoatda 12 ming 236 ta, xizmatda 13 ming 314 ta, qishloq xo‘jaligida 17 ming 690 ta jami 43 ming 240 ta mikroloyiha ishga tushirilishi hisobiga 86 ming 480 nafar fuqaroning bandligini ta’minlab, aholining daromadini oshirish rejalashtirilgan.
Moliyaviy resurslarni ixtisoslashuv yo‘nalishiga yo‘naltirish orqali 130 ta mahalla o‘rta ixtisoslashuvdan chuqur ixtisoslashtirishga o‘tkaziladi. Jumladan, 2879 nafariga kredit, 165 nafariga ssuda va 476 nafariga subsidiyalar ajratiladi.
Birgina, nok yetishtirish orqali yiliga har bir xonadon o‘rtacha 30-40 million so‘m daromad olishiga erishiladi. Kelgusi 5 yillikda aholi xonadonlari hamda ijara yer maydonlarida (dehqon xo‘jalik) yetishtirilayotgan nok hisobidan mahallalarda 1,5 million tonna mahsulot yetishtirilib, 37 milliard so‘m daromad topishga erishiladi.
Paxtachi tumani Suluvqo‘rg‘on mahallasida baliqchilik yo‘nalishini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 6 ta xonadonga 150 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Mazkur xonadonlar baliqchilik faoliyatiga ixtisoslashtirilib, suv havzalari barpo etildi va zamonaviy baliq yetishtirish uskunalari o‘rnatildi. Ularning faoliyati orqali yil davomida sazan, amur, karp va boshqa baliq mahsulotlari yetishtirilib, ichki bozor ehtiyojlari qoplanmoqda. Ushbu baliqxonalar orqali 64 nafar aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Bu esa mahallaning iqtisodiy faolligini oshirib, aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Kelgusida ushbu yo‘nalishlarni yanada kengaytirish, dam olish maskanlari va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Bu esa yuqorida belgilangan mahallalar ixtisoslashuvini yanada kengaytiradi.
Nazirjon TOLIBOV,
Viloyat kambag‘alikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi mutaxassisi.