Voyaga yetmaganlarga ijaraga kim mashina beryapti?!

Ushbu telegram kanalda 15 yoshli bola ijaraga avtomobil olib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgani haqida xabar berilgan edi. Hali voyaga yetmagan bolaga kim avtomobilni ijaraga beryapti? Bunga javobgarlar bormi o‘zi?

Ommaviy axborot vositalarida o‘tgan yili Namangan viloyatida xuddi shunga o‘xshash bir nechta holat qayd etilgani haqada xabarlar tarqalgandi. Xususan, ularning birida shunday deyilgan: “Namangan shahrida 5 nafar o‘quvchi ijaraga olgan Gentra yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, katta tezlikda yuk mashinasiga urildi. Oqibatda mashina boshqargan 17 yoshli o‘smir vafot etdi, qolgan 4 nafari shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizildi”.

Achinarlisi, shu kabi voqealar ushbu viloyatda bir necha marta sodir bo‘lgan va o‘nlab begunoh odamlarning hayotdan bevaqt ketishiga sabab bo‘lgan edi. Endi navbat Samarqandgami?

Avtomobillarni ijaraga beradigan tadbirkor voyaga yetmagan bolalarga mashina berib, nafaqat ularning, balki boshqa, qoidalarga amal qiladigan haydovchi va yo‘lovchilar hayotiga ham xavf soladi. Bu tadbirkorlar kimlar? Jamiyat bunday noinsof tadbirkorlarga nisbatan murosasiz bo‘lishi kerak emasmi?

Ilg‘or Rahmatov.