Genetika: ota-onadan bolaga o‘tadigan xususiyatlar
Insoniyat ilmiy va texnologik taraqqiyotda sezilarli yutuqlarga erishib kelayotganiga qaramay, biz genlar haqida nisbatan juda kam ma’lumotga egamiz. So‘nggi tibbiy tadqiqotlar genlar bizning hayotimizning barcha jabhalarini, xususan, ba’zi kasalliklarga moyilligimizdan tortib, xatti-harakatlarimizgacha bo‘lgan munosabatimizni tartibga solishini aniqlab berdi. Biz bejiz ota-onamizga o‘xshamaymiz: bu irsiyat bilan bog‘liq masaladir.
Genetika haqli ravishda eng qiyin tibbiy va biologik fanlardan biri hisoblansa-da, olimlar farzand ota-onasidan qaysi fazilatlarni meros qilib olishini o‘rganmoqda.
Ko‘z rangi
Tug‘ilijak bolaning ko‘z rangini oldindan aytish mumkin emas, uni faqat taxmin qilish mumkin. Ma’lum bir ko‘z rangining rivojlanishi, tanamizning boshqa har qanday xususiyatlari kabi ustun (dominant) va passiv (retsessiv) genlar bilan belgilanadi.
To‘q (qora, jigarrang) ranglar ko‘pincha ustun genlar, ochiq (yashil, ko‘k) ranglar esa passiv genlar tomonidan belgilanadi. Agar siz va turmush o‘rtog‘ingiz to‘q rangli ko‘zlarga ega bo‘lsa, farzandingizda ko‘proq shu rangni meros qilib oladi. Biroq chaqalog‘ingiz ochiq rangli ko‘z bilan tug‘ilsa, buning hayratlanarli joyi yo‘q.
Soch rangi
To‘q rangli soch rangi ustun genlar tomonidan, ochiq rang esa passiv genlar tomonidan belgilanadi. Bu genlar melanotsitlarning (soch rangini belgilaydigan pigment - melanin ishlab chiqaradigan hujayralar) faolligini tartibga soladi. Qora sochli ota-onalardan sariq sochli farzand tug‘ilishi mumkin. Ammo buning teskari holati deyarli mumkin emas.
Tabassum
Chaqaloq tabassumni otasidan oladi, degan fikr bor. Bu shunchaki faraz emas, zamonaviy tadqiqotlar bu masalada onalarga qaraganda otalik irsiyati faolroq ekanini ko‘rsatdi.
Bo‘y
Aksariyat oilalarga nazar tashlab, bolalar o‘z qad-qomatini ota-onalaridan meros qilib oladi, degan mantiqiy xulosaga kelish mumkin. Darhaqiqat, bu yerda genetika muhim rol o‘ynaydi. Lekin bu borada olimlar hali qo‘shimcha ilmiy tasdiqlash ishlari olib borishmoqda. Xususan, “Nature” jurnalida chop etilgan tadqiqot insonning bo‘yiga ta’sir qiluvchi 700 dan ortiq genetik izchilliklarni aniqladi.
Quloq suprasining tuzilishi
Quloq suprasining o‘lchami va shakli insonning irsiy jihatdan meros bo‘lib o‘tadigan eng aniq belgilaridan biri. Ko‘pincha o‘g‘il bolaning qulog‘i otasinikiga o‘xshaydi. Odamlar bu haqda genetika paydo bo‘lishidan ancha oldin bilgan va bu tana qismlarini taqqoslash hatto otalik testining o‘ziga xos bir turi bo‘lib xizmat qilgan.
Shunday qilib, farzandlarimiz haqiqatan ham o‘zimizning nusxamiz. Genetika esa shubhasiz, har bir insonning hoziri va kelajagida katta rol o‘ynaydi, deb ayta olamiz.