Qo‘shrabotlik eng yaxshi mahalla raisiga Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi berildi

G‘alati, qayerda muammo, o‘zaro kelishmovchilik, yetishmovchilik ko‘p bo‘lsa, o‘sha mahallani hamma taniydi. Qaysi idoraga bosh suqmang “Ha, ana u mahalladansizmi?” deya sirli qarab qo‘yishadi.

Tinch va osoyishta, odamlari ahil-inoq yashayotgan, muammolarini o‘zlari hal etayotgan mahallalarni esa hatto tuman miqyosida birov bilib, birov bilmaydi.

Qo‘shrabot tumanidagi O‘rtasoy mahallasi ana shunday mahallalardan biri. Tumanning eng olis nuqtasida, tog‘lar orasida joylashgan bu so‘lim maskanda 306 oila umrguzaronlik qiladi. Ularning yaxlit oiladek tinch va totuv yashashini, hayotdan rizoligini ko‘rgan har qanday kishi havas qiladi. Mana, necha yildirki, O‘rtasoyda oilaning buzilishi, jinoyatchilik ro‘y bergan emas. Aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam, yoshlar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari risoladagidek yo‘lga qo‘yilgan, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mahallada erishilgan bu yutuqlarga uning fidoyi oqsoqoli Tursunmurod Nurmatov bosh-qosh bo‘lmoqda. O‘rtasoyliklar bundan besh yil burun bu insonni mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga saylagan edi. Tanlovda adashishmagan ekan, tinib-tinchimas rais mahalladagi barcha muammolarni, kerak bo‘lsa, xonadonbay o‘rganib, ularni tizimli ravishda bartaraf etish yo‘llarini qidirdi. Bunga nafaqat o‘zining kuch-g‘ayrati, shijoati, bilim va tajribasini, balki boshqalarning ham, xususan, mahalla faollari, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faolining imkoniyatlarini safarbar etdi. Natijada mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lomlashdi, tadbirkorlik, tomorqa xo‘jaligi rivoj topdi, obodonlashtirish ishlari jadallab, mahalla qishloqlari ko‘rkamlashdi. Mahallaga eltuvchi yo‘lni asfaltlash o‘rtasoyliklarning asriy orzusi edi. Yaqinda bu orzu ham ushaldi: yo‘lsozlar 4 chaqirim masofadagi tosh yo‘lga asfalt yotqizdi.

Qarangki, yangi barpo etilgan tekis va ravon yo‘ldan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘tkazgan ko‘rik-tanlovning “Eng yaxshi mahalla raisi” nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan Tursunmurod Nurmatov Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasini boshqargan holda birinchi bo‘lib o‘tdi.

Norbobo ShAKAROV,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.