Oqsoqol talaba bo‘ldi
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining tavsiyanomasi asosida Samarqand viloyatidagi 41 nafar o‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotli mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi.
– Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi qoida tariqasida oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak, – deydi Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov. – Joriy yilda o‘tkazilgan saylovda aholining xohish-istagiga ko‘ra, mahalla ishini to‘g‘ri tushunadigan, odamlar bilan ishlash olish ko‘nikmasi va tajribasiga ega 57 nafar yurtdoshimiz, garchi oliy ma’lumotli bo‘lmasa-da mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi. Vazirimizning tavsiyanomasi asosida ular bosqichma-bosqich davlat granti asosida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishadi.
Joriy o‘quv yilida Paxtachi tumanidan 1 nafar, Nurobod, Oqdaryo, Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlaridan 2 nafardan, Narpay, Payariq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlaridan 3 nafar, Pastdarg‘om tumani va Samarqand shahridan 5 nafar, Urgut tumanidan 8 nafar mahalla xodimlari Guliston davlat universitetining ijtimoiy ish fakulteti fuqarolarning o‘zi-o‘zini boshqarish organlari yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilindi. Shuningdek, ular orasida mahalla va nuroniyliklarni qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 2 nafar yetakchi mutaxassis ham bor.