Mahalla raisiga ko‘rik-tanlov nima beradi?
Samarqand shahridagi “Nurafshon” san’at saroyida “Eng namunali mahalla raisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning sektor hamda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar mahalla raisi ishtirok etdi.
Uch shart: mahalla raisining amalga oshirgan ishlari taqdimoti, sohaga oid qonun hujjatlari bo‘yicha savol-javob hamda mahallada uchraydigan kutilmagan muammoli vaziyatga yechim topish bo‘yicha mahoratni namoyish qilish. Ilgari ham shu kabi tanlovlarni ko‘p yoritganligim bois bir holat e’tiborimni tortdi. Har bir rais oldiga qo‘yilgan vazifani bajarish, aniqrog‘i, mahallasining farovonligini ta’minlashda turlicha yondashuvlarni qo‘llayapti. Kimdir hudud obodligini birinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lsa, yana kimdir bor e’tiborini ta’limni rivojlantirishga qaratgan. Boshqa bir rais chiqib, “Men uchun eng muhimi aholining tinch-totuvligi”, deydi. Shu mahallada o‘tgan 5 yilda bitta ham jinoyat sodir etilmabdi. Aytmoqchi bo‘lganim, raislar yangicha fikrlayapti va har biri o‘ziga xos tajriba maktabini yaratyapti.
— Bu tanlovda g‘olib va mag‘lub tomon bo‘lmaydi, xulosalar nisbiy, - dedi tanlov ochilishida ishtirok etgan Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev. – Sababi, unda ishtirok etayotganlar tanlovning quyi bosqichlarida saralangan, viloyatimizning eng oldi raislari. Tadbirdan asosiy maqsad ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishdir. Qolaversa, ishtirokchilarni rag‘batlantirish orqali faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. E’tirof yangi marralarga undaydi.
Raislar qanaqa fikrda? Buni bilish uchun ularga “Sizga bu tanlov nima beradi?”, degan savol bilan yuzlanib ko‘rdik.
— Vakolatlarimiz yil sayin ortib bormoqda, - deydi Urgut tumanidagi “Nisbat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zayniddin Suyunov. - Biz bunga munosib bo‘lishimiz kerak. Tanlov yutuq va kamchiliklarimizni ko‘rsatadi, o‘z ustimizda ishlashga undaydi.
— Mahalla raisi bir joyda to‘xtab qolmasligi kerak, - deydi Oqdaryoning Bozorjoy mahallasi raisi Nurbibi Ro‘ziyeva. – Shaxsan men faoliyatim davomida tumanimizning ilg‘or mahallalarida bo‘lib, tajribasini o‘rganganman. Tanlov sharofati bilan viloyatimizning eng faol raislari bilan tanishdim, fikr almashdim. Hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar talay ekan.
— Mahalla raisining faoliyatiga haqiqiy bahoni fuqarolar beradi, - deydi Samarqand shahridagi “Bog‘imaydon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Toshpo‘lat Rahmatullayev. – Buni hududlardan tushayotgan murojaatlar misolida ham ko‘rish mumkin. Agar rais o‘z ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymagan, aholi bilan yaqinlashmagan bo‘lsa, fuqarolar yuqori turuvchi idoralarga murojaat qilaveradi. Aksi bo‘lsa, muammo mahallaning o‘zida hal bo‘ladi. Taklifim, bundan keyin raislar faoliyatiga baho berishdan oldin maxsus komissiya tuzilib, mahallalardagi muhit, fuqarolarning kayfiyati o‘rganilsin. Shunda adolat bo‘ladi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Yakkabog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ravshan Hamroyevga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand shahridagi Bog‘imaydon mahallasi raisi Toshpo‘lat Rahmatullayev, uchinchi o‘rinni Nurobod tumanidagi Nurbuloq mahallasi raisi Jasur Xolov egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari berildi. Shuningdek, 5, 4, 3 va 2-o‘rin egalari 5 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.