Mahalla oqsoqoli endi uch yilga saylanadi
Samarqand viloyat adliya boshqarmasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat, tuman va shaharlar kengashlari xodimlari uchun “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini samarali tashkil etish va o‘tkazish yo‘llari” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i X.Abdurahmonova, fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari F.Rahmatov 2018 yil 15 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi hududiy komissiyalar, ishchi guruhlarning vazifalari xususida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, shu paytgacha fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 2,5 yil qilib belgilangan edi. Endilikda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonun asosida fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati uch yil etib belgilandi. Shuningdek, navbatdagi fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) saylovi joriy yilning may oyida o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini qarori bilan ishchi guruh tuziladi. Rais (oqsoqol) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Seminarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hududiy kengashlari rahbar va xodimlarining saylov prinsiplari, nomzodlar ro‘yxatini tayyorlash, ishchi guruhlarni shakllantirish borasida keng tushuncha berildi.
B.XONKELDIYEV.