Mahalla raislari senatorga “dardlari”ni aytdi

Oliy Majlis Senati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish markazida navbatdagi o‘quv kursi tinglovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Oliy Majlis Senatining o‘tgan hafta yakunida o‘tkazilgan uchinchi yalpi majlisida muhokama etilgan masalalar, qabul qilingan qonunlarning ahamiyati haqida mahalla raislariga ma’lumot berildi.

– Bugungi shiddatkor zamonda har bir davlat uchun iqtisodiy barqarorlikka erishish, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va xalq farovonligini oshirish asosiy masala hisoblanadi, – dedi A.Ko‘chimov. – Jumladan, O‘zbekiston uchun ham. Shuning uchun qisqa vaqt ichida uch marta yangi chaqiriqdagi Oliy Majlis yuqori palatasining yalpi majlisi chaqirilib, bugungi va ertangi kunimiz bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, o‘tgan hafta uch kun davom etgan majlisimizda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta masala, shu jumladan 18 ta qonun ko‘rib chiqildi. Bu masalalarning har biri, avvalo, xalqimiz manfaatlari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qadrini ulug‘lash nuqtai nazaridan qizg‘in muhokama qilindi, tegishli hujjatlar, qonunlar ma’qullandi.

Masalan, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun haqida gapiradigan bo‘lsak, bu bizning jondan aziz farzandlarimiz, yosh avlodimiz ta’lim-tarbiyasi, ularning kelajagi bilan bog‘liq muhim hujjat deyish mumkin.

Binobarin, bugun dunyoda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, yoshlar orasida turli yot g‘oyalar tobora keng tarqalib borayotgan bir paytda mamlakatimizda bunday holatlarning oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari oldiga yangi vazifalarni  qo‘ymoqda. Shu bois davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 fevraldagi tegishli qarori bilan Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari (katta inspektor-psixologlari) lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazildi. Milliy gvardiyada Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi, shuningdek voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari joriy etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari o‘tgan yil fevral oyidan hozirgi kunga qadar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan 44450 ta huquqbuzarlikni aniqlab, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan hamda ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.

Endilikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, Milliy gvardiyaning umumta’lim maktablarida xizmat qiluvchi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga bunday vakolat berilmoqda. Bu, albatta, maktablarda, mahallalarda ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Senati a’zosi, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirilayotganini qayd etdi.

Qonunda fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlarini muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirish, bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘inlari raislarini 5 yil muddatga saylash, shuningdek fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlariga o‘tkazish nazarda tutilgani ta’kidlandi.

Markaz tinglovchilari – mahalla raislari Senatda ma’qullangan qonunlar hududlar rivoji, aholi kayfiyati va turmush tarziga ijobiy ta’sir etishini qayd etgan holda senatorga bir qator savollar bilan murojaat qildilar, taklif va tashabbuslarini bildirdilar.

– Keyingi yillarda mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatining tubdan takomillashtirilayotgani, tarkibning kengaygani aholi bilan ishlash, ularning muammolarini joyida hal etish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qilmoqda, – dedi Urgut tumanidagi Mo‘minobod mahallasi raisi Obid Norboyev. – Bugun “mahalla yettiligi” hududdagi barcha masalalar bilan shug‘ullanmoqda, mahalladagi aholining hech bir toifasi e’tibordan chetda qolmayapti, endi yonimizga mahalla bankirlari qo‘shilyapti. Bu yaxshi, albatta. Ammo mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va yana boshqalarning ham tumanda o‘z rahbarlari bor va, tabiiyki, ular bu xodimlariga topshiriq berishadi. Biz, raislar yettilik faoliyatiga boshchilik qilishimiz, faoliyatni muvofiqlashtirishimiz belgilangan bo‘lsa-da, ular ko‘proq tumandagi rahbarlari oldida hisobdor. Shuning uchun bu masalaning huquqiy asoslarini qayta ko‘rib chiqish kerakmikan, deb o‘ylaymiz.

Uchrashuvda Samarqand shahridagi Nafosat mahallasi raisi Bahodir Xudoyqulov gazeta va jurnallarni mahallalarga yetkazib berish tizimini takomillashtirish hamda bu borada fuqarolar yig‘inlariga imtiyozlar berish masalasini ko‘tardi. Samarqand tumanidagi Yuqori qaynama mahallasi raisi Suhrob Xo‘jayev esa bugungi kunda to‘y-ma’rakalarda turli xil keraksiz odatlar, dabdababozlik va isrofgarchiliklar ko‘payib ketayotganini qayd etib, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, qonun me’yorlarini qo‘llash bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Oliy Majlis Senati a’zosi A.Ko‘chimov har bir savol, taklif va murojaatlarga munosabat bildirib, ko‘tarilgan masalalarni tegishli idoralar bilan birga muhokama qilishini ma’lum qildi.