Mahalla turli bosimlardan ozod etilmoqda
Mahalla faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi. Bu haqdagi qonun loyihasini ikki oyda ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishni Shavkat Mirziyoyev Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga topshirdi.
Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qonun loyhasida:
Fuqarolar yig‘ini qarorini bajarmaganlik; mahalla yig‘ini raisi faoliyatining kafolatlarini buzganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik joriy etilishi lozimligi belgilangan.
Shuningdek 2 aprel kuni prezident imzolagan mahalla mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonga muvofiq fuqarolar yig‘inlari raislarini, xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Mahalla faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari balansida bo‘lgan binolarni boshqa shaxslarga biriktirish yoki asossiz ravishda olib qo‘yish ham taqiqlanadi.
Amaldorlar mazkur talablarni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgar bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirildi.