Mahalliy Kengash deputatlariga nega ish haqi ham, imtiyoz ham yo‘q?

O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi tomonidan navbatdagi anjumanda aynan shu masala muhokama qilindi.

Mahalliy Kengashlarga ilk bor saylangan deputatlar uchun “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining ish faoliyatini samarali tashkil etish mexanizmlari” mavzusidagi o‘quv-seminarda deputatlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy asoslar o‘rganildi.

Jumladan, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan deputat faoliyatining huquqiy asoslari, daxlsizligi, majburiyatlari, odobi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

- Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, deputat vakolati muddatida daxlsizlik huquqiga ega, - deydi xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati Olim Pardayev. - Tegishli kengashning roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Shunday bo‘lgach, yo‘l harakati qoidasini buzgan deputatga YHX xodimi ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan bayonnoma tuzishga xaqlimi?!

- Faoliyatim davomida deputat jinoiy javobgarlikka tortilganida, huquq-tartibot organlari tomonidan kengashning roziligini olish bo‘yicha murojaatlar ko‘rib chiqilganiga guvoh bo‘lganman, - dedi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Baxtiyor Xo‘jayorov. - Ammo deputatga ma’muriy chora qo‘llash oldidan kengashlarga birorta murojaat kelib tushganiga guvoh bo‘lganim yo‘q. Bunday tushunmovchiliklar nazarimda, qonunchiligimizda ayrim moddalarga batafsil izoh berilmaganligidan kelib chiqmoqda.

Shuningdek, tadbirda ilk bor saylangan xalq noiblari mahalliy kengashlariga saylangan deputatlarning vakolati va imtiyozlari haqida qator savollarni o‘rtaga tashlashdi.

- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining imtiyozlari va vakolatlari haqida xabardormiz, - dedi xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashi deputati Rahimjon O‘roqboyev. - Viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari uchun ham qonunchilikda rag‘batlantirish, imtiyozlar bormi?

- Hozircha mahalliy kengashlar deputatlari uchun eng katta rag‘bat - bu xalqning ishonchi, - dedi O‘zLiDeP viloyat kengashi siyosiy ta’lim markazi rahbari Jamila Sayfiddinova. – Negaki, shu paytgacha mahalliy kengashlarning deputatlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritgan. Viloyat kengashi deputatining viloyat hududida jamoat transportidan bepul foydalanish xaquqiga ega. Ammo tumanlararo jamoat transportining o‘zi yo‘q.

Ayni kunlarda Prezidentimizning tashabbusi va tavsiyalari bilan mutaxassislar tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlaridagi deputatlarga oylik ish haqi to‘lash mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Bu yaqin oylar ichida amaliyotga joriy etilishi mumkin.

Tadbirda shuningdek, Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining 2020 yildagi shahar va tumanlar kesimidagi ijrosini ta’minlash vazifalari hamda viloyatda mahalliy byudjet shakllanishi, taqsimlanishi va sarflanishining tumanlar kesimidagi tahlili bo‘yicha mutaxassislarning ma’ruzalar tinglandi.

Baxtigul QARShIYEVA.