Maishiy kelishmovchiliklar ortidagi ayro taqdirlar: Ko‘payib borayotgan oilaviy ajrimlar haqida
Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan kelib chiqayotgan bahslar, o‘zaro mojarolar, oilalarning dushmanga aylanishi biz uchun oddiy holatga aylanib ulgurdi. Tug‘ilib-tug‘ilmay tirik yetim qolayotgan bolalar taqdiri, kim aybdorligi noma’lum bolalar jinoyati bugungi kunda "oyog‘imizdan chalayotgan" holatlarning eng qo‘rqinchlisi ekanligi kundan-kun oydinlashib bormoqda. Xuddi xavfli virusga chalinganlarning soni ortib borishiga o‘xshab, oilaviy ajrimlar soni ham ham ortsa ortyapdiki, kamaygani yo‘q.
Xo‘sh, nega bunday holatlar yildan-yilga ko‘payib bormoqda? Ajrimlar xuddi oddiy tabiat hodisasidek yuzaki bo‘lib qoldi? Bunda kimning aybi bor? Sudga ajrim uchun ariza topshirayotgan er-xotin tanlagan qarori ham o‘ziga, ham jamiyatga, ayniqsa, uning safiga endi qo‘shilgan kichik yoshdagi farzandining taqdiriga salbiy ta’sir qilishini anglaydi. Ammo anglash boshqa...
Oilaviy ajrimlar masalasi bugun yo kechaning gapi emas. Bu borada yozilmagan gap, uni bosib chiqarmagan gazeta, mavzu yangramagan ko‘rsatuv qolmadi, hisob. Mutasaddilardan so‘rasangiz, “loyihalar amalga oshirilyapti, yarashtirish komissiyalari ishlayapti”dan nariga o‘tishmaydi. Lekin murg‘ak qalbning tirik yetim bo‘lishi zamonaviy jamiyatda odatiy holga aylanib bormoqda.
«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, yaqin yillarda ajrashish arafasida turgan oilalarda turmushning buzilishiga sabab sifatida quyidagi omillar ko‘rsatilgan:
48,4 foiz — er-xotin o‘rtasidagi maishiy kelishmovchiliklar;
17,4 foiz — qaynona, qaynota yoki uchinchi shaxs, umuman boshqalarning oila ishiga aralashuvi;
5,3 foiz — bepushtlik;
6,3 foiz — moddiy yetishmovchiliklar, turmush o‘rtog‘ining ishsizligi va iqtisodiy muammolar;
5,5 foiz — ichkilikbozlik va boshqa zararli odatlar oqibati;
3,5 foiz — ichki va tashqi migratsiya;
11,3 foiz — boshqa turli sabablar.
Ijtimoiy tarmoqda “Oilaviy ajrimlarga asosiy sabab nima deb o‘ylaysiz?” savoli bilan o‘tkazilgan kichik so‘rovnomada ham tarmoqning aksariyat foydalanuvchilari urf-odatlar, qaynonaning kelinga soliq solishi, kuyovning esa kelin tomondan mulk ta’ma qilishi, kelinlarning ota uyiga “gap tashishi”, telefon va ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning na fikrlash, na pul topish borasida mustaqil emasligi, yigitlarning o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qilishi, qizlarning esa «xo‘p»dan yiroqligi, diniy bilimdan bexabarlik, o‘zaro hurmat tushunchasining yo‘qolishi, besabrlik, aybini tan olmaslik kabilarni sanab o‘tishdi.
Ajrashish arafasida turgan, ajrim qayd etilgan oilalarning muammolari bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo har biri o‘z yechimiga ega, ajrimga qadar oilani saqlab qolishning imkoniyati ancha yuqori bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, bu muammoning bosh omili — ularning huquqiy bilimi yetarli emasligi, ota-onaning farzandiga oila nima ekanligi haqida yetalicha tushuncha bermaganligi sabab bo‘lmoqda. Oilalarning mustahkamligi va ma’naviy barkamolligi uchun, o‘z navbatida, yoshlarning har tomonlama tayyorligi, xususan, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, er-xotin munosabatlari haqida batafsil ma’lumotlarga egaligi zaruriy omil bo‘lib hisoblanadi.
Raqamlardan gapiramiz
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning dastlabki uch oyida hududlar kesimida qayd etilgan ajrashishlar soni eng ko‘p Toshkent shahrida kuzatilgan — 1484 ta. Ushbu ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 1269 ta, Toshkent viloyatida 1265 ta, Andijon viloyatida 1240 ta, Farg‘ona viloyatida 1171 ta , Namangan viloyatida 1078ta, Qashqadaryo viloyatida 1073 tani tashkil etadi.
Oilaviy ajrimlarga sabab bo‘luvchi umumiy xatolar haqida to‘xtalamiz.
Erkak kishini o‘zgarishini kutish
Xalqimiz orasida "Uylansa o‘zgaradi", "Ota bo‘lsa ichmaydi" kabi qarashlar aylanib yurishi hech kimga sır emas. Erkak kishini o‘zgarishini kutish xato. Erkak faqat o‘zi istasagina, o‘sha holatidan qoniqmasa o‘zgaradi.
Manfaatlar ustiga oila qurish
Ehtiyojlar va manfaatlar doim o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ularga erishilganda keraksiz holga aylanadigan jarayonga o‘xshaydi manfaatlar uchun qurilgan oila. Yigitning shaxsiy uyi, mashinasi bo‘lishi, qizning otasi boy, o‘qigan, chiroyli bo‘lishi bilangina oila qurib bo‘lmaydi.
Er-xotin munosabatlariga uchinchi(to‘rtinchi) shaxs aralashuvi
O‘zbekchilikda qaynonadan ruxsat olish, qaynotadan so‘rash kabi tushunchalarning borligi va ularga amal qilish xato emas. Ammo er-xotinga aloqador bo‘lgan qarorlarni faqat ularning o‘zlari hal qilishlari kerak.
Farzandli bo‘lganda er-xotin ekanligini unutish
Yosh oilaga farzandning kelishi yaxshi albatta. Lekin ko‘p hollarda ota-onalar o‘z mas’uliyatlarini farzandga qaratib er-xotin ekanligini unutib qo‘yish holatlari kuzatiladi. Xotinga faqat farzandining onasi sifatida qarash, erga faqat farzandning otasi sifatida qarash doim ham kutilgan natija bilan yakunlanmaydi.
Kichik kelishmovchiliklar, mayda sabablarni hal qilmaslik
Kemani kichik teshiklar cho‘ktiradi. Bugun ro‘y bergan mojaroni bugun hal qilmaslik ertaga, indinga ko‘payib katta janjallarga sabab bo‘lishi hech gap emas. Hech kim xatolardan xoli emas, eng kamida gaplashib olish kutilayotgan muammoning yechimi bo‘lishi mumkin.
Afsuski, oila qurilarkan bo‘lajak er-xotinlar ko‘pincha bu jihatlarga ko‘p ham e’tibor qaratishmaydi va oxir-oqibat... Har holda oila dargohiga qadam qo‘yayotgan yoshlarga yuqoridagi omillar bilan bog‘liq savollarni beradiganlar kamdan-kam. Oqibat esa biz maqolada keltirgan ko‘rgan raqamlarni ko‘rsatmoqda.
Zarina MUSTAFOYeVA.