Makkada birinchi o‘zbek milliy taomlari restorani ochiladi

O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulligida Saudiya Arabistonida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Xayrullo Ikromov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan munosabatlarni mustahkamlash, investitsiyaviy va sayyohlik muhitining jozibadorligini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, Xayrullo Ikromov O‘zbekistonda kechayotgan yangiliklarni doim kuzatib borishini, jumladan, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida erishilgan yuksak natijalar bilan faxrlanishini ta’kidladi.

Shuningdek, xorijda uzoq yillardan beri restoran biznesi bilan shug‘ullanib kelishi va Makkada o‘zbek milliy taomlariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, ushbu shaharning markaziy qismida yangi tamaddixona ochayotganini ma’lum qildi.

Yangi tashkil etilayotgan "O‘zbekiston" restoraniga bosh oshpaz, nonvoy va boshqa xodimlarni O‘zbekistondan jalb etishga kelishib olindi.

Makka shahridagi "O‘zbekiston" birinchi milliy taomlar restoranining rasmiy ochilish marosimi 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.