“Afrosiyob” mehmonxonasini 4 yulduzli xalqaro standartga yetkazish majburiyati yuklanadi

Samarqand shahridagi “Afrosiyob” mehmonxonasi sotuvga qo‘yilibdi, Vino kombinat ham sotilarmish. Bundan tashqari, viloyatdagi 30 dan ortiq davlat korxonalari, bozorlar ham xususiylashtirilar ekanmi?

Bu so‘zlar keyingi haftalarda eng ko‘p berilayotgan savollar qatoriga chiqdi. Savdoga qo‘yilgan korxonalar bilan tanishish va ular haqidagi ma’lumotlarni qayerdan olish mumkin? Savdolar qay tartibda o‘tkaziladi va aktivlarni fuqarolar ham sotib olishi mumkinmi?

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida tashkil etilgan korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda shu kabi savollarga oydinlik kiritildi.

Prezidentimizning joriy yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan viloyatimizdagi 128 ta davlat ishtirokidagi korxona va ko‘chmas mulk ob’yektlari qamrab olingan. Ya’ni, 60 ta korxonada muayyan islohotlar amalga oshirilib, ularning samaradorligini oshirish va rivojlantirish, 68 ta davlat aktivlarini xususiylashtirish belgilangan.

Shuningdek, farmon asosida korxonalarga ko‘mak berish uchun hududiy Savdo-sanoat palatalarida korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari tashkil etildi. Mazkur klinika Yagona darcha tamoyili asosida tashkil etilib, u yerda Bosh vazir qabulxonasi, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, Tadbirkor ayol, Hunarmandlar uyushmasi, adliya boshqarmasi, Davlat xizmatlari markazi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasidan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalaridan mutaxassislar jalb etilgan. Klinikada korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun maslahat xizmati ham joriy etilgan. Hozirgacha 60 dan ortiq tadbirkor o‘zlarini qiynayotgan muammoli masala yuzasidan murojaat qildi va murojaatning 40 dan ortig‘i ijobiy hal etildi.

Agar savdoga qo‘yilgan davlat aktivlari auksionda sotilmay qolsa, qanday yo‘l tutiladi? Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sof aktivi bo‘yicha savdoga chiqarilgan, qiymati 100 million so‘mdan oshmagan davlat aksiya paketlari uch oy davomida sotilmaganda “1 so‘m” boshlang‘ich narxda aksiya paketlari “1 ta aksiya - 1 so‘mdan bitta lot” tamoyili asosida qayta savdoga chiqariladi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Samarqand shahridagi “Afrosiyob Palas” mehmonxona majmuasi bilan tanishdi. 280 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur davlat aktivi barcha kreditorlik qarzdorliklarini to‘lash sharti bilan auksion savdolariga chiqarilmoqda.

- “Afrosiyob Palas” mehmonxona majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standarti asosida 27,4 milliard so‘m boshlang‘ich narxda ochiq auksion savdolariga chiqarildi, - deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassisi Salohiddin Jonibekov. – Joriy yil 7 dekabrda bo‘lib o‘tishi belgilangan ushbu mehmonxonani 4 yulduzli xalqaro standartlarga yetkazish, 2022 yil 1 yanvargacha 100 ta yangi ish o‘rni yaratish va oliy martabali mehmonlarga mo‘ljallangan kamida 1 ta xona tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklanadi. Shuningdek, Yunesko va Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda mehmonxonani rekonstruksiya qilish lozim. Farmon bilan xaridorga mablag‘ni 3 yil davomida bo‘lib to‘lash va kiritgan ulushga mos ravishda divident olish imtiyozi berildi.

Mazkur ob’yektlar to‘g‘risida davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davaktiv.uz, E-ijro auksion sayti va korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasining 1082 Sall markazi, viloyatda esa (78)2101102, davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasining (66) 2337354 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, batafsil ma’lumot olish mumkin.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.