Mehmonxonani fohishaxonaga aylantirgan ayol qo‘lga tushdi

Jizzaxda mehmonxona ish yurituvchisi qo‘shmachilik qilayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning 4 aprelida viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining tezkor tadbiri natijasida qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan bog‘liq jinoyat aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sharof Rashidov tumani, Oqtosh mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1974 yilda tug‘ilgan X.N. Jizzax shahar Qassoblik mahallasida joylashgan mehmonxonalardan birida qo‘shmachilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Huquqbuzarga mehmonxona ish yurituvchisi bo‘lib ishlab kelgani qo‘l kelgan.

Qo‘shmachi Sharof Rashidov tumani, Ziyokor mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan N.A. shu mahallada yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan T.M.ning Mirzacho‘l tumani, Yangidala mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 2001 yil tug‘ilgan turmushga chiqmagan M.N. bilan jinsiy aloqa qilishlariga sharoit yaratib bergan vaqtda fosh etildi. Daliliy ashyo sifatida 200 ming so‘m pul hujjatlashtirib olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 131-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.