6 yildan buyon fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan ayollar qamoqqa olindi
Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.
Toshkent viloyati DXX, Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir guruh fohishalar qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, 32 yoshli “Sevara” ismli ayol o‘zining uch nafar jinoiy sheriklari va boshqalar bilan uyushgan guruh tashkil etgan. Ular 6 yil davomida, ya’ni 2014 yildan hozirga qadar Toshkent shahrining turli joylarida qo‘shmachilik, fohishaxona tashkil qilish, fohishalik bilan shug‘ullantirish orqali pulga muhtoj ayollarni ma’lum miqdordagi pullar evaziga boshqa erkaklar bilan muttasil ravishda jinsiy aloqada bo‘lishlariga undab, bu ish uchun ularga sharoit yaratib kelgan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan “Sevara” ismli shaxs va uning 3 nafar jinoiy sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 131-moddasi 4-qismi «b, v» bandlari va 135-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.