“Qo‘shmachi” er-xotinning kirdikorlari oshkor etildi
Navoiyda IIV O‘XB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari poraxo‘r “qo‘shmachi”ning qing‘ir ishini fosh etdi, deb xabar berdi IIV.
Karmana tumani Talqoq MFYda ijarada yashovchi fuqaro B.D. hamda uning rafiqasi B.S. yashash xonadoniga tanishlari A.O‘. hamda Sh.J.larni aldov yo‘li bilan taklif etib, noodatiy tartibda mehmondorchilik tashkillashtirdi.
Mezbonlar ichimlik olib kelish bahonasida do‘konga ketib, ancha vaqtgancha qaytishmadi. Aslida ularning maqsadi mehmon kutish emas, balki “qo‘shmachilik” qilish bo‘lib chiqdi.
Paytdan foydalanib A.O‘. holi qolgan Sh.J.ga tajovuz qilib, uyatsiz xatti-harakatlar sodir qilgan. Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan Sh.J. Karmana tumani IIBga murojaat qilganu kutilmaganda ariza yozishdan bosh tortgan.
Biroq 3 kun o‘tib Sh.J. tuman IIBga qayta yozma ariza bilan murojaat qilib, endilikda voqea boshqacha tus olganligi yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Arizaga ko‘ra, B.D. tuman IIBning “Diyor” ismli xodimi nomidan ko‘zbo‘yamachilik asosida ish ko‘rib, tanishi A.O‘.dan bo‘lgan voqealarni bosti-bosti qilish uchun 20 million so‘m pul mablag‘ talab qilgan va ushbu mablag‘ pora sifatida IIO xodimiga berib, vaziyatni ijobiy hal qilishini ma’lum qilgan.
Tuman IIB JQBning “Diyor” ismli xodimi viloyat IIBga bildirgi orqali murojaat qilib, haqiqatda ushbu sohada faoliyat olib borayotganligini, taassufki, mazkur holatdan bexabar bo‘lsa-da, fuqaro B.D.ning keskin harakati xodimni poraxo‘r sifatida ayblab kelayotgani haqida o‘z vaqtida ogohlantirdi. Bildirgi yuzasidan Vazirlik O‘XB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlarining tezkor sa’y-harakati tufayli B.D. tanishi A.O‘.dan pullarni olayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, Navoiy viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasiga taqdim etildi.
Vositachilik qilishni o‘ziga kasb qilib olgan B.D. hamda uning rafiqasi B.S.ning qilmishi insoniylik xatti-harakatiga mutlaqo zid. “Qo‘shmachilik” qilish bilan birga, IIO xodimi nomini suiiste’mol qilishi hamda birovning nomidan noqonuniy harakat sodir etayotganligi ushbu fuqarolarning odamiylik qiyofasini yo‘qotib qo‘yganligidan dalolat emasmi? Qing‘ir ishning qiyig‘i 3 kunda fosh bo‘ldi. Qonunbuzarlarning qilmishlari endi adolat mezonlari asosida baholanadi.