Maktab bilimi bilan talaba bo‘lish qiyinmi?
Oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilinganlarning barchasi o‘quv markazlari yoki maktabdan tashqari pullik to‘garaklarga qatnagan. Ayni paytda bu gaplar odamlar orasida ko‘p tarqalgan, ammo maktab bilimi bilan ham o‘qishga kirish mumkin ekan. Qanday qilib? Bu savolga Oqdaryo tumanining chekka hududida joylashgan 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari javob berdi.
- Maktabda “Yosh kimyogarlar” to‘garagini tashkil qilganman, bu - bepul, - deydi kimyo fani o‘qituvchisi Dilshoda Nurmurodova. – Darsda ham, to‘garakda ham maktabdagi kimyo sinfidagi jihozlardan samarali foydalanib, o‘quvchilarimga ta’lim berib kelyapman. Qishlog‘imiz tuman markazining eng olis hududida joylashgan. O‘quvchilar o‘quv markazlariga qatnashi ancha qiyin. Qolaversa, aksariyat oilalarning sharoiti og‘ir, ammo farzandlarining ilm olishga qiziqishi baland. Ularga bor bilimimizni bermaslik - gunoh. Sinf rahbarligim, toifam, ustamalarim borligi uchun 10 million so‘mga yaqin oylik olaman. Bo‘sh vaqtlarimda tomorqadagi sabzavot mahsulotlari va mevali daraxtlarni ham ilmim bilan parvarishlab, daromad topaman. Pullik to‘garak o‘tishga hojat yo‘q.
- O‘quvchilarimni fan olimpiadalariga tayyorlayman, - deydi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Ma’mura Norbekova. - Ular yaxshi natijalarga erishib kelyapti. Fan olimpiadalariga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan o‘quvchi, albatta, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira oladi. O‘tgan o‘quv yilida maktabimizni 53 nafar bitiruvchi tamomlab, 22 nafari talaba bo‘ldi. Barchasi ona tili va adabiyot fanidan imtihon topshirgan. 4 nafar shogirdimiz grant asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lib, ularning 2 nafari filologiya fakultetiga kirdi. Ikkalasi ham o‘tgan o‘quv yilida milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan edi.
Birgina muammo bu maktabda qo‘shimcha to‘garaklar o‘tish uchun sinfxonalar yetishmas ekan. 350 o‘rinli binoda 700 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim oladi.
To‘g‘ri, qo‘shimcha to‘garaklar o‘tishga maktabda sharoit yetarli emas, - deydi Ma’mura Norbekova. - Sinfxonalar yetishmagan paytda maktabimiz direktori imkoniyat yaratib berishga harakat qiladi. Kerak paytida o‘zining xonasini ham bo‘shatib bergan. Ba’zan o‘qituvchilar ma’naviyat xonasidan navbat bilan foydalanishadi. Imkoni boricha o‘quvchilarimizga ta’lim berishga harakat qilyapmiz.
Agar qo‘shimcha bino qurilib, to‘garak o‘tish uchun sharoitlar yaratilsa, maktab jamoasidan bundan-da yuqori natijalarni kutish mumkin.
Dilshoda Yusupova,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto-video).