Ma’muriy sudlarga ham “E-XSUD” axborot tizimi orqali murojaat qilishingiz mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2020 yil 28 maydagi RS-29-20-sonli qarori bilan Respublika ma’muriy sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim qilish tartibi belgilandi.
Mazkur qaror respublika ma’muriy sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim etish, mazkur murojaatlar yuzasidan olib borilgan protsessual harakatlar va ularning natijalari bo‘yicha murojaat mualliflarini xabardor qilish munosabatlarini tartibga soladi.
Tartib 8 bobdan iborat bo‘lib, birinchi bobda asosiy tushunchalar va ularning qo‘llanilishi:
- murojaat, ya’ni ariza, shikoyat, protest, iltimosnoma va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa murojaatlar;
- qo‘shimcha ish turkumi – ariza (shikoyat) mazmuni bo‘yicha talablarni aniqlashtirish uchun foydalaniladigan talablar ro‘yxati;
- ikkilamchi ish turkumi – ariza (shikoyat) mazmuni bo‘yicha bildirilgan talablardan tashqari, murojaatlarmaz muni ro‘yxati;
- ishda ishtirok etuvchi shaxslar – ma’muriy huquqbuzar, jabrlanuvchi, arizachi, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillari, prokuror, ishda fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etadigan davlat organlari va boshqa shaxslar;
- tashqi foydalanuvchi – belgilangan tartibda axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tish orqali “shaxsiy kabinet” tashkil qilgan shaxs;
- sud hujjatlari – hal qiluv qarori, qaror, ajrim, ijro varaqasi;
- javob xatlari – sud hujjati hisoblanmagan, tashkilot
va fuqarolarning murojaatlariga javob tariqasida beriladigan xatlar;
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
- PDF – Adobe System kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan elektron hujjatlarning alohida formati;
- brauzer – umumjahon axborot Internet tarmog‘idagi veb-ilovalarni boshqarish, qayta ishlash imkonini beruvchi va ularning tarkibidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi dasturiy ta’minot kabi atamalarga tushuntirishlar berilgan.
Tartibning ikkinchi bobida “E-XSUD” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ma’muriy sudga (sudga) murojaat qilishga haqli.
Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat shaklida yuborilishi mumkin (MJtK 269(2)-moddasi). Buning uchun manfaatdor shaxs www.exsud.sud.uz manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining elektron qabulxonasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.
“E-XSUD” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi elektron qabulxonasining bosh sahifasida joylashgan qo‘llanma asosida amalga oshiriladi.
“E-XSUD” axborot tizimi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun internet brauzerlarining quyidagi versiyalaridan foydalanish tavsiya etiladi:
- Google Chrome – 79 versiyasidan yuqori;
- Mozilla Firefox – 69 versiyasidan yuqori;
- Safari – 13 versiyasidan yuqori;
- Opera – 65 versiyasidan yuqori.
Mazkur tartibning uchinchi bobida, “E-XSUD” axborot tizimi orqali ma’muriy sudlarga taqdim etiladigan murojaatlarga qo‘yiladigan umumiy talablari belgilangan.
Ma’muriy sudlarga “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim etiladigan murojaatlar skanerlash uskunalari yordamida elektron fayl ko‘rinishiga keltirilishi kerak.
Hujjatlar sudga faqat PDF formatida yuboriladi.
Har bir ilova qilingan faylning hajmi 10 megabaytdan oshmasligi va shu kabi talablar belgilangan.
Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, murojaatlar elektron qabulxona orqali qabul qilinmaydi va tashqi foydalanuvchiga qaytariladi.
Rasyoat qarori bilan belgilangan tartibning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi boblarida murojaatlarni birinchi instansiya sudlariga, ma’muriy sudlarning sud hujjatlarini qayta ko‘rish bo‘yicha shikoyat (protest) yuborish, apellyasiya va kassatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi, nazorat tartibidagi shikoyatni berish tartibi belgilangan bo‘lsa, ushbu tartibning oltinchi bobida, ma’muriy sudlarning qarorlari qonuniy kuchga kirgandan so‘ng yuzaga kelgan masalalarni hal qilish bo‘yicha murojaat yuborish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, “E-XSUD” axborot tizimi orqali ma’muriy sudlarga taqdim etiladigan murojaatlar holatini kuzatib borish imkoniyati ham bor ushbu haqda mazkur tartibning yettinchi bobida tushuntirishlar berilgan.
Foydalanuvchi “shaxsiy kabineti” orqali ma’muriy sudga taqdim etgan murojaatlarining holatini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin.
Tartibning sakkizinchi bobida foydalanuvchi tomonidan “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim etgan murojaatlari yuzasidan amalga oshirilgan ma’muriy sudning protsessual harakatlariga doir ma’lumotlarni, murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlarini, shuningdek, javob xatlarini “shaxsiy kabineti” orqali olish imkoniyatiga ega ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Orif PARDAYeV,
Samarqand shahar ma’muriy sudi raisi.