Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi 85 ta oilani otaliqqa oldi

Karantin vaqtida xalqimizning yordamga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi 85 ta oilani otaliqqa oldi.

Kecha, 1 may kuni Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan Samarqand viloyatidagi ishsiz va ehtiyojmand oilalarning 30 nafariga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida barcha viloyat va tumanlarda kam taminlangan oilalar va pandemiya davrida ishsiz qolgan fuqarolar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Sinovli kunlarda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar hamda tadbirkorlarga ushbu oilalar biriktirilib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Harbiy xizmatchilar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmasa-da, biroq og‘ir kunlarda xalqimizga ko‘mak berish uchun “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 85 ta kam ta’minlangan oilalarga ikki xaftada bir marotaba un, shakar, yog‘, go‘sht hamda oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatmoqda.

Mazkur xayriya tadbirida Jizzax viloyatidagi 30 ta hamda Navoiy shahri va tumanlarida istiqomat qilayotgan 25 nafar oilaga ham moddiy yordam berildi.

Bundan tashqari, tashrif chog‘ida har bir xonadonda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi. Xonadon egalarini tana harorati tekshirilib, yetakchi mutaxassislar tomonidan xavfli infeksiya bilan samarali kurashishda tegishli tavsiyalar berildi.

 

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.