Markaziy harbiy okrugga qarashli “Sazag‘on” dala-o‘quv maydoni foydalanishga topshirildi

Zamonaviy talab va standartlarga ko‘ra, yangitdan barpo etilgan ushbu dala-o‘quv maydonining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov, Samarqand viloyati hokimi - harbiy-ma’muriy sektori rahbari Erkinjon Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda “Sazag‘on” dala-o‘quv maydonining qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda quruvchi-pudratchi tashkilot vakillari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Samarqand viloyati hokimi - harbiy-ma’muriy sektori rahbari tomonidan rag‘batlantirildi.

Dala-o‘quv maydoni chinakam ma’noda askar akademiyasidir. Chunki dala-o‘quv maydonida harbiy xizmatchi nazariy bilimlarini amalda qo‘llaydi. Shu bois Vatan himoyachilarining ham ma’nan, ham ruhan, ham jangovar tayyorgarligini oshirishda dala-o‘quv maydoni muhim o‘rin tutadi.

Tantanali marosimdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri boshchiligida tadbir ishtirokchilari yangitdan barpo etilgan dala o‘quv maydonida yaratilgan shar-sharoitlar, zamonaviy o‘quv sinflari, tibbiyot punkti, yotoqxonalar, oshxona, sport shaharchasi hamda jangovar texnikalar parkini ko‘zdan kechirdi. Yaratilgan sharoitlar bilan tanishish jarayonida mehmonlar dala-o‘quv maydoni oshxonasining bejirimligi bilan bugungi kunda shahar markazlarida urf bo‘lgan milliy taomlarning zamonaviy oshxonasidan kam emasligi alohida ta’kidlandi.

Mehmonlar dala-o‘quv maydonini kuzatish davomida Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari tomonidan yaratilgan qo‘shinlar jangovar shayligini oshirishga xizmat qiladigan innovatsion ishlanmalar bilan tanishdi. Samarali ko‘rsatkichga ega ishlanmalar esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Shuningdek, “Sazag‘on” dala-o‘quv maydonida zamon talablariga javob bera oladigan 30 ga yaqin o‘quv nuqtalarda barcha turdagi jangovar texnika va qurollar o‘quv-mashg‘ulotlari asosida tadbir ishtirokchilariga namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrugga qarashli yana bir zamonaviy dala-o‘quv maydonining tashkil etilganligi Vatan posponlarining o‘zgacha usul va uslublarda mashg‘ulot o‘tkazishlari uchun keng imkoniyatlar beradi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.