Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mehnat qonunchiligida ayollarga qanday qo‘shimcha kafolatlar belgilangan?

O‘zbekistonning mehnat bilan bog‘liq qonunchiligida, xususan, Mehnat kodeksida ayollarga bir qator huquq va imtiyozlar berilgan. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishib chiqamiz.  

- Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.

- Homilador ayol yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma’lum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

- Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.

- Uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.

- Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola o‘n olti yoshga to‘lgunga qadar davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq to‘lagan holda oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni beriladi.

- Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik ta’tillar, ularning xohishiga ko‘ra, tegishlicha homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin yoxud bolani parvarishlash ta’tilidan keyin beriladi.

- Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

- Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi.

- Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.

- Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan olti yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.

- Homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno. Bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi.

- Muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.

O.Doniyorov,
Urgut tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.