Mehr va e’tiborga muhtoj bolalar qanday qo‘llab-quvvatlanmoqda?
21–22 oktyabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l» mavzusidagi Jahon sammiti oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Samarqanddagi ijtimoiy markazlarga press-tur tashkil etildi.
Dastlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Shohruh Hidoyatov yaqinda ishga tushirilgan «Bola himoyasi» moduli haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, platforma bolalar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni erta aniqlash va ularning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Modulda 28 ta xavf-xatar yo‘nalishi va 146 ta mezon belgilangan. Davlat organlari, sudlar, tibbiyot va ichki ishlar muassasalaridan kelib tushadigan ma’lumotlar asosida xavfli holatlar aniqlanadi. Zarur hollarda 24 soat ichida tezkor choralar ko‘rilib, har bir bola uchun individual himoya rejasi ishlab chiqiladi va kerakli ijtimoiy xizmatlar tashkil etiladi.
Shundan so‘ng jurnalistlar Samarqand shahridagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markaz va shahardagi 197 ta mahallada 290 nafardan ziyod ijtimoiy xodim 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga 100 dan ziyod xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.
- Bugungi kunda Samarqand shahrida vasiylik va homiylikka berilgan hamda muassasalarda tarbiyalanayotgan 1006 nafar voyaga yetmagan bola bor, - deydi Samarqand shahridagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rabbimov. - Ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda munosib hayot sharoitlarini yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bolalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mahallalarda xizmatlar soni 25 tadan 52 taga oshirildi. 3 ta muqobil oilaviy tarbiya shakli joriy etilib, 893 nafar bola tegishli xizmatlar bilan qamrab olindi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi SOS bolalar mahallalari bilan hamkorlikda 120 nafar bolaga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, 11 nafar bolaning oilaviy muhitga qaytarilishi ta’minlandi. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash hamda mustaqil hayotga tayyorlash maqsadida “Mehr daftari” jamg‘armasi orqali 81 nafar bolaga turli yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ma’lum qilinishicha, respublikada 4 ta «Imkon» va 1 ta «Umid» markazi mavjud. Ushbu muassasalarda bolalarning 10,5 soat yoki 24 soat davomida bo‘lishiga mo‘ljallangan guruhlar tashkil etilgan.
«Imkon» reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining asosiy maqsadi bolalarni sog‘lomlashtirish, reabilitatsiya qilish, ularda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirish va jamiyatga moslashishiga ko‘maklashishdan iborat.
Markazlarga 2 yoshdan boshlab, turli kasallik va nuqsonlarga ega bolalar qabul qilinadi. Jumladan, tug‘ma III–IV darajali skolioz, og‘ir tug‘ma maymoqlik, artrogripoz, bolalar serebral falaji, osteomiyelit asoratlari, aqliy va psixonutqiy rivojlanishdagi buzilishlar, eshitish bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, ko‘rish a’zolarining kasalliklari va tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan bolalar qamrab olinadi.
Muassasalarda diagnostika va maslahat, psixologik-pedagogik hamda ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
- Samarqand tumanidagi «Imkon» reabilitatsiya markazi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti shu yil oktyabr oyida faoliyat boshladi, - deydi muassasa rahbari Nigina Murodova. - 150 o‘ringa mo‘ljallangan muassasa 10 ta guruhdan iborat bo‘lib, ularga 130 nafar tarbiyachi-pedagog va ijtimoiy xodim biriktirilgan. Shuningdek, har oyda 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 100 nafargacha bola ambulator tartibda 20 dan ziyod reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olinmoqda. Muassasamiz AQSh, Germaniya va Angliyadan keltirilgan 50 dan ortiq zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.