MIB sud qarorlarini bekor qilish yoki o‘zgartirish vakolatiga ega emas

Ijtimoiy tarmoqlarda “Kattaqo‘rg‘on shahridagi o‘zini yoqib yuborgan kishining uydan chiqarilishi” bilan bog‘liq xabarlar yuzasidan Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unda ta’kidlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2019 yil 15 iyul kunidagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, fuqaro Ibrohim Jo‘rayevning da’vosi qanoatlantirilib, javobgarlar Sayyora Jo‘rayeva, Dilshod Usmonov va Go‘zal Hasanovalarni I.Jo‘rayevga tegishli bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahar, Miriy mahallasi, Alisher Navoiy ko‘chasi, 72“a”-uydan majburiy tartibda chiqarish belgilangan.

Fuqaro Ibrohim Jo‘rayevning sudga davo arizasi bilan murojaat qilishiga u 2010 yilda oldi-sotdi shartnomasiga asosan egalik huquqini kiritgan va o‘ziga shaxsiy mulk tariqasida tegishli, Kattaqo‘rg‘on shahar, Miriy mahallasi, Alisher Navoiy ko‘chasi, 72“a”-uydan fuqarolar S.Jo‘rayeva, D.Usmonov va G.Hasanovalar chiqishdan bosh tortib kelayotganligi sabab bo‘lgan.

Sudning 2019 yil 7 avgustdagi ijro varaqasiga asosan Majburiy ijro byurosining Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilib, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga asosan majburiy ijro harakatlari tashkil qilingan.

Biroq javobgar D.Usmonov birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudiga kassatsiya tartibida murojaat qilganligi sababli, majburiy ijro harakatlari sud qarori chiqquniga qadar to‘xtatilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining 2019 yil 13 sentyabrdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2019 yil 15 iyuldagi hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirilganligi sababli majburiy ijro tadbirlari tiklangan.

2020 yil 22 yanvar kuni tashkil qilingan majburiy ijro tadbiri davomida javobgar D.Usmonov 2020 yil 30 yanvar kuniga qadar ixtiyoriy ravishda ko‘rsatilgan xonadondan chiqib ketishi haqida tilxat bilan murojaat qilganligi bois majburiy ijro harakatlari kechiktirilgan.

2020 yil 1 fevral kuni Samarqand viloyati xokimining Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazgan ommaviy sayyor qabulida Ibrohim Jo‘rayev murojaat qilib, sud qarori ijrosi paysalga solib kelinayotganidan arz qilgan va uning murojaati nazoratga olingan.

2020 yil 5 fevral kuni MIB Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi xodimlari tomonidan sud ijrosini ta’minlash tartibida shahar IIB, yong‘in xavfsizligi xizmati, tibbiyot birlashmasi, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va xolislar ishtirokida Kattaqo‘rg‘on shahar, Miriy mahallasi, Alisher Navoiy ko‘chasi, 72“a”-uy  manzilida o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlari davomida javobgarlar S.Jo‘rayeva, D.Usmonov va G.Hasanovalarning 21 turdagi mol-mulklari xatlanib, ular mulklarini ixtiyoriy ravishda olib chiqib ketishlarini bildirishgan.

Lekin da’vogarlardan biri – fuqaro Dilshod Usmonov qonun talablari hamda sud qarori asosida amalga oshirilayotgan tadbirga to‘sqinlik qilib, o‘zining ustiga benzin quyib yoqib yuborgan. Uning harakatlari zudlik bilan to‘xtatilib, tez tibbiy yordam mashinasida Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Tibbiyot birlashmasi shifokorlarining ma’lumotiga ko‘ra, D.Usmonovning badanida 30-35 foiz kuyish jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan va unga tegishli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Majburiy ijro tadbirlari yakunlangandan so‘ng, 2020 yil 5 fevral kuni MIB Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 41-moddasi 1-bandiga muvofiq ijro ishi tugatilgan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq Majburiy ijro byurosining asosiy vazifalaridan biri sifatida sud qarorlari va boshqa vakolatli organlar qarorlarini ijro qilish belgilangan.

Biroq Majburiy ijro byurosi organlari yuqori turuvchi sud organining qarorisiz, ya’ni o‘z tashabbusi bilan ijroga qaratilgan va amalda bo‘lgan sud qarorlarini bekor qilish yoki o‘zgartirish vakolatiga ega emas.

Shuning uchun sud chiqargan va ijroga qaratilgan qarordan norozi bo‘lgan fuqarolarimizdan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarayotgan Majburiy ijro byurosi xodimlariga to‘sqinlik qilish yoki qarshilik ko‘rsatish emas, belgilangan tartibda yuqori turuvchi sudga murojaat qilishlarini va sud muhokamasi jarayonida o‘z e’tirozlarini bayon qilishlarini iltimos qilamiz.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.