MIB sud va boshqa organ qarorlari ijrosini ta’minlashda davom etadi

Joriy yilning 18 iyun kuni Davlatimiz rahbarining «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6010-sonli Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon bilan Majburiy ijro byurosi faoliyatidagi gaz va elektr uchun to‘lovlarni qabul qilish vazifa va funksiyalari Energetika vazirligi zimmasiga o‘tishi, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlarni undirish mexanizmini amal oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Bu jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarimizda turli fikr va munozaralarga sabab bo‘ldi.

Aslida, biz 3 yil oldingi tarixga nazarga solamiz.

Esingizda bo‘lsa, 2017 yil 29 maydagi Prezident Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-toroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish, shuningdek, sud hujjatlari ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Majburiy ijro byurosi tashkil etildi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosining tashkil etilishi bilan ana shu to‘lovlarning hammasi bitta joyga jamlandi.

Xo‘sh, Majburiy ijro byurosi bu davrda o‘z vazifasini qanday uddaladi? Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutuvchi kommunal soha muammolariga yechim topish borasida ijobiy natijalarga erishildimi?

Biz ushbu savollarga javob olish uchun Majburiy ijro byurosining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov bilan bog‘landik.

— Avvalo, ish faoliyatimizni boshlashda — ijro ishi, energiya resurslari bilan bog‘liq barcha holatlar tizimli o‘rganib chiqilib, tahlil qilindi.

Energiya resurslari va suv ta’minoti sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlashda prokuratura tizimida to‘plangan tajriba va ijro intizomidan unumli foydalanildi.

Qisqa vaqt ichida sud va boshqa organlar qarorlari ijrosini ta’minlash, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorlikni kamaytirish borasida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi.

Iqtisodiyotimiz ravnaqi uchun muhim tarmoq bo‘lgan energiya resurslari sohasida to‘lov intizomi mustahkamlandi, yillar davomida to‘planib kelgan tizimli muammolar va hisob-kitob ishlari o‘z yechimini topdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Majburiy ijro byurosiga yuklatilgan vazifalar amalda bajarildi va uni endilikda mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash borasida davlat siyosatini amalga oshirib kelayotgan Energetika vazirligi zimmasi o‘tkazish vaqti kelgan edi.

Shu o‘rinda qisqa bo‘lsada, Byuro organlari tomonidan to‘lov intizomini mustahkamlash yo‘lida qilingan ishlar to‘xtalsak.

Misol uchun: Byuro organlari tashkil etilganidan buyon hozirga qadar energiya resurslari, suv iste’moli va qattiq maishiy chiqindilar sohasida 94,3 trln. so‘m undirildi (shundan elektr energiyasi – 45,8 trln., tabiiy gaz – 46,1 trln., ichimlik suvi – 1,9 trln., maishiy chiqindi – 0,4 trln.).

O‘tgan davr ichida energiya resurslari va suv ta’minotidan noqonuniy foydalanish hamda talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq 1,2 trln. so‘mlik zarar aniqlanib, 1046 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Byuro faoliyatini boshlagan vaqtdan buyon dolzarb masalalardan biri bu albatta, noreal, ya’ni asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish dolzarb masala edi. Bu yo‘nalishda Byuro organlari faoliyatini boshlagandan hozirga qadar 1 trln. 344 mlrd. so‘mlik noreal qarzdorlik bo‘yicha 244 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foydalanilmagan energiya resurslari uchun iste’molchilarga asossiz qarzdorlik hisoblanishi holatlari bo‘yicha Byuro organlari tomonidan 1 trln. 342 mlrd. so‘m noreal qarzdorlik bo‘yicha jami 146 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Energiya resurslari sohasida debitor qarzdorlik 2020 yilning 1 iyun holatiga 14,1 trln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan (14,5 trln.) 385 mlrd. so‘mga kamaytirildi.

Energiya resurslari iste’molchilari to‘liq inventarizatsiya qilindi.

Xullas yuqorida ta’kidlanganimdek, Byuroga yuklatilgan vazifalar sabab yurtdoshlarimizda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, to‘lov intizomiga rioya qilish madaniyati shakllana boshladi.

Endilikda, ushbu vazifalar Energetika vazirligi tomonidan tizimli ravishda olib boriladi, deb hisoblaymiz. Chunki keyingi yillarda ushbu vazirlikda bir qator ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi.

Shu o‘rinda aholimiz yaxshi bilishi lozimki, Majburiy ijro byurosi zimmasidagi elektr, gaz va maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida hamda undirib olish bo‘yicha vazifalar – Energetika vazirligiga joriy yilning 1 avgustdan e’tiboran o‘tkaziladi.

Bungacha bo‘lgan davrda Majburiy ijro byurosi bu yo‘nalishda o‘z ishini davom ettiradi.

Eslatma: MIB faqat kommunal soha va maishiy chiqindilar uchun yo‘nalishini tugatmoqda, biroq sud xamda boshqa organ qarorlarini ijro etish funksiya va vazifalarini davom ettiradi.

Majburiy ijro byurosi.