MIB Urgut tumanining Do‘stlik mahallasidagi maishiy chiqindilarning olib chiqilmaganiga izoh berdi
Joriy yilning 19 sentyabr kuni xorijiy ommaviy axborot vositalarida “MIB xodimi aholidan yemagan somsaga pul to‘lashni talab qilmoqda” sarlavhasi bilan xabar joylashtirilgan edi.
Unda Urgut tumani Do‘stlik mahallasi, Pochvon ko‘chasidagi chiqindi olib ketilmayotgani, buning qo‘ni-qo‘shnilar pul yig‘ib mashina yollayotgani, mahalla raisining vaziyatdan xabari bo‘lsa-da, yordam bermayotgani kabi vajlar bildirilgan. Shuningdek, Byuroning tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan hududdagi xonadonlarning joriy yil uchun maishiy chiqindidan 160-180 ming so‘mdan qarz ekani, to‘lovni amalga oshirish talab qilinayotgani aytilgan.
Mazkur vaziyatni o‘rganish jarayonida “Toza hudud” DUK Urgut tumani filiali tomonidan hududdagi 25 ta mahallada jami 11 346 ta iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish, buning uchun 13 ta avtomashina biriktirilgani, reja-grafikka asosan Do‘stlik mahallasiga xizmat ko‘rsatish har haftaning seshanba kuniga belgilangani aniqlandi.
Biroq joriy yilning 15-19 sentyabr kunlari korxonaning ushbu mahallaga biriktirilgan avtomashinasi ta’mirlanayotgani sababli aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bo‘lmagan.
Do‘stlik mahallasining Pochvon ko‘chasida yashovchi fuqaro J.Sodiqov, joriy yilning 16 sentyabr kuni xorijiy ommaviy axborot vositasiga murojaat etganini, hozirda “Toza hudud” DUK tomonidan barcha chiqindilar olib chiqib ketilgani va haftaning har seshanba kunlari mashina kelib turishini ma’lum qildi.
Hozirda Majburiy ijro byurosi tomonidan aholi e’tirozlarining oldini olish bo‘yicha “Toza hudud” DUK Urgut tumani filialining chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketilishi hamda avtomashinalarning belgilangan reja-grafikka asosan xizmat ko‘rsatishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Majburiy ijro byurosi.