MIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga qarshilik qilingani holati yuzasidan Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining rasmiy bayonoti

Past Darg‘om tumani obodonlashtirish direksiyasiga qarashli sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodining elektr hisoblagichsiz elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanganligi hamda MIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga qarshilik qilganligi holati bo‘yicha viloyat hokimligi axborot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Past Darg‘om tumani obodonlashtirish direksiyasiga qarashli sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodining elektr hisoblagichsiz elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanganligi hamda MIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga qarshilik qilganligi holati Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati, MIB viloyat boshqarmasi, viloyat elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari va kun.uz nashri muxbirlari ishtirokida joyida atroflicha o‘rganib chiqildi. Shuningdek, o‘rganish jarayonida tuman prokuraturasi hamda boshqa mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

O‘rganish davomida Past Darg‘om tumani obodonlashtirish direksiyasiga qarashli sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodi tomonidan Past Darg‘om tumani elektr ta’minoti korxonasiga 56 986 364 (ellik olti million to‘qqiz yuz sakson olti ming uch yuz oltmish to‘rt) so‘m zarar yetkazilganligi hisoblandi.

MIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga qarshilik ko‘rsatilgani yuzasidan Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan 15/2902-19-sonli tergovga qadar tekshiruv materiallari yig‘ilib, holat bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi Asror Mardiyevga hamda tuman obodonlashtirish direksiyasiga qarashli bo‘lgan sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodining texnologiyalarni ishga tushirish bilan norasmiy shug‘ullanib kelgan yollanma ishchi Ramshid Annabazarovga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llash bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Ushbu ish ko‘rib chiqish uchun Kattaqo‘rg‘on shahar ma’muriy sudiga yuborildi.

Boshqaruv va nazoratda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi uchun Past Darg‘om tumani obodonlashtirish direksiyasi boshlig‘i Shuxrat Aymamatovga tuman hokimining 2019 yil 9 dekabrdagi 417-FK-sonli farmoyishiga ko‘ra, intizomiy jazo (xayfsan) qo‘llanildi.

Shu o‘rinda MIB tuman bo‘limi boshlig‘ining vazifasidan ozod etilganligi holati bo‘yicha Samarqand viloyat MIB axborot xizmati tomonidan bildirilgan quyidagi manzillardagi munosabat bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz:

https://kun.uz/news/2019/12/09/mib-samarqand-viloyat-boshqarmasi-past-dargom-tuman-bolimining-sobiq-boshligi-boyicha-rasmiy-munosabat-berdi

https://t.me/Samarqand_live/6371.

Batafsil tanishish:

https://www.facebook.com/sampressservice/posts/135126981264897

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.