MIB xususiy korxonadan 206 million so‘mdan ortiq soliq qarzdorligini undirib berdi
Samarqand viloyat xo‘jalik sudining qarzdor “Shaxboz-92” xususiy korxonasidan undiruvchi Kattaqo‘rg‘on shahar Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 206 mln. 807 ming so‘m soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi ijro ishi yurituviga kelib tushgan. Ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxalari tomonlarga yuborilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor “Shaxboz-92” xususiy korxonasining bank hisob-raqamlarining chiqim qismiga band solingan. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi xabar bermoqda.
Qarzdor “Shaxboz-92” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida mutasaddi idoralarga so‘rov xatlari yuborilgan.
Qarzdor “Shaxboz-92” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahar, E.Miraliyev ko‘chasidagi 26-uyning 4-qavatida joylashgan, 3 xonali xonadon davlat ijrochisining 2018 yil 7 avgust kungi qarori bilan elektron onlayn-auksion orqali 156 mln. 463 ming so‘mga sotuvga chiqarilgan.
Shundan so‘ng korxonaga tegishli ko‘chmas mulkni sotilishini istamagan qarzdor “Shaxboz-92” xususiy korxonasi rahbari Kattaqo‘rg‘on shahar Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga soliq qarzdorligini to‘liq qoplab berdi.