Microsoft rossiyalik xakerlarni Tramp va Bayden shtablariga kiberhujum uyushtirganlikda aybladi

Microsoft kompaniyasi rossiyalik, xitoylik va eronlik xakerlarni Donald Tramp va uning saylovlardagi raqibi Jo Baydenning saylovoldi shtab xodimlariga kiber hujum uyushtirganlikda aybladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“So‘nggi haftalarda Microsoft bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ishtirok etadigan odamlar va tashkilotlarga qarshi kiber hujumlar, jumladan, Tramp va Bayden shtab-kvartiralari bilan bog‘liq odamlarga nisbatan muvaffaqiyatsiz hujumlarni qayd etdi”, deyilgan kompaniya xabarida.

Microsoft Rossiya hududida faoliyat olib boruvchi “Stronsiy” nomli guruhni 200 dan ortiq tashkilotga, jumladan, nomzodlar shtablari, nohukumat tashkilotlari, partiyalar va siyosiy maslahatchilarga hujum uyushtirganlikda ayblamoqda.

Shuningdek, kompaniya Xitoyda faoliyat yurituvchi “Sirkoniy” guruhini Jo Baydenning saylovoldi shtabiga hujum qilganlikda ham aybladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Eronda harakatlanuvchi “Fosfor” guruhi Trampning prezidentlik shtabi bilan bog‘liq bo‘lgan turli akkauntlarga hujum uyushtirgan.