Bill Geyts insoniyatni chiplashtirish haqidagi mish-mishlarga izoh berdi

Microsoft korporatsiyasi asoschisi, amerikalik ishbilarmon Bill Geyts uning shaxsi atrofida tarqalayotgan global fitna va odamlarni ommaviy chiplashtirish to‘g‘risidagi mish-mishlarni “rad etishga ham arzimaydigan ahmoqona farazlar”, deya atadi.

Koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Bill Geyts va Melinda Geyts fondining pandemiyaga aloqasi borligi to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqala boshladi. Go‘yo, Geytslar fondi koronavirusga qarshi vaksinadan odamlarni chiplashtirish uchun va ular ustidan ommaviy nazorat o‘rnatish maqsadida foydalanmoqchi.

“Men hech qachon mikrochiplar bilan shug‘ullanmaganman. Buni inkor qilishning iloji yo‘q. Bu shunchaki, ahmoqona va yovvoyi faraz”, deya ta’kidladi Geyts.

Bill va Melinda Geyts fondi JSSTning ikkinchi eng yirik donori hisoblanadi. Mazkur fond 2018-2019 yillarda tashkilot byudjetining 9,76 foizini ta’minlab berdi. Fond yangi turdagi vaksina va dori-darmonlar  ishlab chiqarilishiga homiylik qiladi.