Bill Geyts koronavirusdan ham dahshatliroq fojia ro‘y berishidan xavotirda

Microsoft asoschisi Bill Geyts oqibatlari koronavirus pandemiyasidan ham dahshatliroq bo‘ladigan ekologik inqiroz haqida ogohlantirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklardagi iqlim o‘zgarishi global inqirozga olib keladi. Geytsning fikricha,  fojiani oldini olish uchun atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari hajmini sezilarli darajada kamaytirish zarur.

“Pandemiya qanchalik dahshatli bo‘lmasin, iqlim o‘zgarishi undanda dahshatliroq bo‘lishi mumkin”, - deya ta’kidladi Geyts.

Milliarder koronavirus bilan bog‘liq o‘lim holatlari va taxmin qilinayotgan global isish oqibatida yuzaga keladigan o‘lim holatlarini taqqoslab ko‘rdi. Geytsning hisobotiga ko‘ra, 2100 yilga kelib Yer yuzida ob-havo haroratining ko‘tarilishi oqibatida yuzaga keladigan o‘lim holati COVID-19 bilan taqqoslaganda besh barobarga ko‘p bo‘ladi.