Bill Geyts koronavirusga qarshi vaksinaning samarasiz bo‘lishi ehtimoli haqida ogohlantirdi

Microsoft asoschisi Bill Geyts CNN telekanali muxbiri bilan suhbatda koronavirusga qarshi vaksinaning samarasiz bo‘lishi xavfi haqida ogohlantirdi.

Bill mutaxassislar nafaqat shaxsning kasallanmasligini ta’minlaydigan, balki infeksiyaning boshqalarga yuqishining oldini oladigan vaksina ishlab chiqarishga harakat qilayotganlari haqida so‘zladi.

“Biroq vaksina infeksiyani ideal darajada to‘xtata olishiga kafolat yo‘q”, dedi u.

Shu bilan birga Bill inson organizmi immun tizimining kasallikka qarshi o‘zida hosil qila oladigan himoya javobini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, organizmda ishlab chiqilgan immunitet kamida bir yilga odamni qayta kasallanishdan saqlaydi.

Bundan tashqari, Microsoft asoschisi “Qachon insoniyat pandemiyani yengadi”, degan savolga javob berishga urindi. Uning fikricha, virus tarqalishining barcha oqibatlarini yengib o‘tish uchun bir yildan ikki yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.