Jahonda eng mashhur surat - Microsoft Windows XP kompyuter dasturi timsoli

Bu fotosurat inglizcha «Bliss», ya’ni «Tiniqlik» deb nomlangan bo‘lib, u AQShlik professional suratkash Charlz O‘Rier tomonidan 1996 yilda suratga olingan. Kaliforniya shtatidagi Sonoma vodiysining janubiy-sharqida joylashgan Klover Stronett nomli eski chorva firmasi yaqinidagi tepalikda olingan.

Suratda yashil tepalik ustida parqut bulutlarga burkangan tip-tiniq ko‘k rangdagi osmon tasvirlangan. Surat dunyodagi eng ko‘p ko‘rilgan ijod namunasi sifatida tan olingan. Hozirda Microsoft Windows XP kompyuter dasturining asosiy timsoli hisoblanadi. 

- «Buyurtma surat uchun aynan shunaqa jannati joyni izlab yurgan edim, - deya eslaydi fotograf. – U joy shunchalik nafis va go‘zal ediki, xayolimda ilohiy jannatning o‘zginasi. Atrof yam-yashil, bulutlar quyosh nurlarini pinhona berkitib turardi.

Uning Napa-Sonoma trassasidan o‘tayotganda yashil tepalikka ko‘zi tushib, birdan miyasiga nimadir yarq etib urilgandek bo‘ldi. Mashinasini yo‘l chetiga to‘xtatdi. Atrofni kuzatib, necha kundan beri qidirib yurgan joyini topgandek his qildi o‘zini. Bu go‘zal manzaraga bulutlar soya solmasliklaridan qo‘rqqanicha shosha-pisha fotoapparatini o‘rnatganicha bir nechta surat oldi.

2006 yilning noyabr oyida “Goldin+Senneby” ijodiy guruhi vakillari ham Sonoma vodiysidagi «Tiniqlik» olingan joyga borib, bir nechta suratlar olishdi. Ammo ular Charlzning fotosurati kabi mashhur bo‘lmadi.

Shu yili shveysariyalik suratchi S.Mettro ommaga «Bill Geyts talabiga binoan yam-yashil tepalik» nomli fotosuratini namoyish qildi. Ikkala fotosuratlarning bir-biriga o‘xshash tomonlari bo‘lsa-da, ammo u Kaliforniyada emas, balki Shveysariyada suratga olingan ekan.

Dilmurod TO‘XTAYeV tarjimasi.