Yaponiyalik fotosuratchi Jin Akinoni Samarqand nimasi bilan maftun etgandi
Samarqand shahrida yaponiyalik fotosuratchi Jin Akinoning «Lahzada muhrlangan o‘zbek an’anasi» fotoalbomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Uning shaxsiy qarashlari, o‘tkir nigohi, hayotiy falsafasi, o‘zbek an’anaviy arxitekturasiga munosabati tushirgan suratlarida aks etgan.
- Samarqand O‘zbekiston bo‘ylab suratga olish ishlarini boshlagan birinchi shahrimdir, - deydi Jin Akino. – «Lahzada muhrlangan o‘zbek an’anasi» fotokitobimda yurtingizda amalga oshirgan ijodiy ishlarim, o‘zbek millatining o‘ziga xosligi, ayniqsa, Samarqandning tarixiy obidalari, arxitekturasi va 10 yillik mehnatim mahsuli joy olgan.
Jin Akino ijodi asosan Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlar arxitekturasi va madaniyati bilan bog‘liq. Uning suratlarini kuzatar ekansiz, suratkashning odamlar tomonidan ko‘z ilg‘amagan tabiat chiroyini, hayvonlar holatini, insonlar tabassumini muhrlaganligiga guvoh bo‘lasiz. 2007 yilda uning “Samarqandning me’moriy go‘zalligiga sayohat” ko‘rgazmasi Samarqand va Tokioda bir vaqtda namoyish etildi. International Photography Awards (AQSh), La Prix de la Photographie de Paris (Fransiya) kabi ko‘plab xalqaro tanlovlar sovrindori.