Yapon o‘qituvchisining shogirdlariga so‘nggi topshirig‘i
Ijtimoiy tarmoqda bir yapon o‘qituvchisi haqida post ko‘rib qoldim. Aytilishicha, og‘ir kasalga chalingan bir yapon o‘qituvchisi o‘limi yaqinligini sezib so‘nggi marta maktabga kelib doskaga shunday so‘zlarni yozib ketibdi:
“Bu sizlarga oxirgi gapim! Sizlarga bergan oxirgi uyga vazifani topshirish muddati yo‘q! Vazifa shu — barchangiz baxtli bo‘ling!
Siz uyga vazifani topshirishga tayyor bo‘lganingizda, men jannatda bo‘lsam kerak deb umid qilaman! Shoshilmasdan uyga vazifani bajaring va xayolan menga yuzlanib: "Ustoz, men uyga vazifani bajardim" desangiz, xursand bo‘laman! Kutaman!”
Bu ustozning donoligi shundaki, topshiriqni bajarish — baxtli bo‘lish uchun ayrim narsalarga amal qilish juda ham kerak: Ilm yo kasb o‘rganmasangiz — baxtli bo‘lolmaysiz, kitob o‘qimasangiz — nimadir kemtik, yaxshi turmush o‘rtoq bo‘lmasangiz — aslo baxt emas. Yaxshi ota yoki ona bo‘lmasangiz baxtdan umid qilmang, yaxshi farzand bo‘lmasangiz — baxt haqida o‘ylab ham o‘tirmang. Birovning umrini “yeb” baxtli bo‘lolmaysiz, o‘g‘irlik, baxillik, haromxo‘rlik hech kimga baxt keltirmagan. Iymon, vijdon butun bo‘lmasa — baxtga yo‘l ham yo‘q...
Xulosa shu — baxtli bo‘lishga harakat qiling, ko‘p narsadan yutasiz.