JICA delegatsiyasi SamATI faoliyati va ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ijrochi vitse-prezidenti Katsura Miyazaki boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Delegatsiya vakillarini institut rektori, professor Shavkat Hasanov kutib oldi hamda institut faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Unda ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik aloqalari, shuningdek, talabalar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Tashrif davomida institutning yaponiyalik magistranti Tomihiko Sato “Samarqand qishloq hududlarida daromadlarni diversifikatsiyalash va uy xo‘jaliklarining turmush darajasi”, JICA volontyori Kota Saito “O‘zbekistonda urug‘siz uzum yetishtirish”, Okamoto esa “Samarqandda iqlim o‘zgarishiga chidamli qishloq xo‘jaligi” mavzularida taqdimotlar qildi.

Shuningdek, JICA bilan hamkorlikda xurmoni quritish orqali qishloq oilalari daromadini oshirishga qaratilgan loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar tanishtirildi. Jumladan, mahalliy aholi uchun tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar, xurmoni quritish bo‘yicha tajribalar hamda institut vakillarining Yaponiyaga tajriba almashish tashriflari haqida ma’lumot berildi. Loyihada xurmoni qayta ishlash orqali uning qo‘shilgan qiymatini oshirish va qishloq oilalariga qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tashrifning ramziy qismi sifatida JICA ijrochi vitse-prezidenti Katsura Miyazaki institut hududiga xurmo daraxti ekdi. Ushbu tashabbus institut va JICA o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni kengaytirish va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash ramzi sifatida amalga oshirildi.
Uchrashuv yakunida institut va JICA hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlarning dehqonlar hamda qishloq oilalari uchun amaliy ahamiyati muhokama qilindi. Ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish orqali Yaponiyaning ilg‘or qishloq xo‘jaligi tajribalarini mahalliy sharoitga moslashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.