SamATI talabalari Germaniyada amaliyot o‘tamoqda

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining talabalari Germaniyada haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tamoqdalar.
Institut tomonidan 2025 yilda 200 nafardan ortiq talabani xorijga, jumladan, Germaniya va Polshadagi ilg‘or qishloq xo‘jalik korxonalariga yuborish rejalashtirilgan. Joriy yilning shu kungacha bo‘lgan holatga ko‘ra, 190 nafar talaba ushbu davlatlarga amaliyotga yuborildi.
- Talabalar xorijda bo‘lgan davrida ularning holati, yashash sharoitlari va amaliyot sifati institut tomonidan doimiy nazorat qilinadi, - deydi institut rektori, professor Shavkat Hasanov. - Shu maqsadda joriy yilning 25–31 iyul kunlari institutdan uch nafar vakil – agrobiologiya fakulteti dekani G‘ulom G‘aybullayev, o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Kamoliddin Bozorov hamda xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Husniddin Pardayevlar xizmat safariga Germaniyaga jo‘natildi. Xizmat safari davomida vakillar Germaniyaning “Schneiders Obsthof”, “Obsthof Hubertus Wolf”, “BioBördeland GmbH & Co. KG”, “Hegeland GmbH” kabi qator ilg‘or xo‘jaliklarda bo‘lib, u yerda amaliyot o‘tayotgan talabalar bilan uchrashdilar, ularning yashash va ishlash sharoitlari bilan tanishdilar.
O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, barcha xo‘jaliklarda talabalar uchun shinam yotoqxona, uch mahal ovqatlanish va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilgan. Talabalar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda ular amaliyot davomida yangi bilim va ko‘nikmalarni egallayotgani, ilg‘or qishloq xo‘jalik texnologiyalarini o‘rganayotganini ta’kidladi.