Pulitser mukofotini olgan dramatik surat tarixi
Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan fotosuratlar haqida gap ketar ekan, ushbu mashhur fotosuratni eslamaslikning iloji yo‘q. U nafaqat o‘zining yurakni o‘rtovchi dramatizmi, balki yaratilish tarixi va keyinchalik fotograf taqdiri bilan ham mashhurdir.
Fotosuratchi Kevin Karter Janubiy Sudanda sodir bo‘lgan dahshatli ocharchilik paytida qizaloq va unga yaqinlashayotgan quzg‘unning suratini oldi.
Holdan toygan bola insonparvarlik yordami olish uchun samolyotga borayotgan ota-onasi ortidan ketayotib, charchaganidan qovjiragan o‘t-o‘lanlarga yuztuban yiqiladi. Buni payqagan quzg‘un bolaga yaqinlasha boshlaydi…
Kevin esa qush bolaga yaqinlashishini kutadi. Fotosuratchi 20 daqiqadan ko‘proq vaqt davomida mos rakursni poylaydi. Nihoyat, xohlagan natijaga erishgandan so‘ng quzg‘unni quvib, jo‘nab ketadi.
Surat Karterga Pulitser mukofoti, shon-sharaf va... nafrat keltirdi. Chunki keyinchalik taqdirlanish chog‘ida undan bola taqdiri haqda so‘rashganida u javob berolmaydi. Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar Kevinning bu qilmishidan g‘azablanadi.
1994 yil iyul oyida, Pulitser mukofotini olganidan bir necha oy o‘tgach, Kevin Karter Yoxannesburgda o‘z joniga qasd qildi. U qoldirgan xatda och-yalang‘och bolalar xotiralari uni ta’qib qilgani yozilgan edi.