Rossiyalik xakerlar AQSh moliya vazirligi kompyuter tizimini buzishda ayblanmoqda

Rossiyalik xakerlar bir kun oldin sodir bo‘lgan AQSh moliya vazirligi va milliy telekommunikatsiya va axborot ma’muriyati tizimiga tajovuz qilishda ayblanmoqda. Bu haqda “Thye Washington Post” nashri xabar berdi.

Ammo rus xakerlarining ushbu kiberhujumga aloqadorligi to‘g‘risida hech qanday dalil keltirilmagan.

Gazetaning yozishicha, hujum go‘yoki Rossiya hukumatiga ishlayotgan APT29 (Cosy Bear) xakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Ammo ular qaysi ma’lumotlarga ega bo‘la olishgani noaniq. FBI ushbu hodisani tekshirmoqda.

Nashrning ta’kidlashicha, xuddi shu xakerlar guruhi Barak Obama prezidentligi davrida Davlat departamenti va Oq uy tizimlariga tajovuz qilgan. Shuningdek, manbalarga ko‘ra, APT29 guruhi o‘tgan hafta Amerikaning yirik FireYeye kompaniyasiga hujum uyushtirgan. Bunday hujumlar bir necha oydan beri ro‘y berayotganligi haqida ma’lum bo‘lgan.

Avvalroq, Reuters ushbu vaziyatdan xabardor manbalarga asoslanib, ayrim chet el hukumatlari qo‘llab-quvvatlagan bir guruh xakerlar AQSh moliya vazirligi va milliy telekommunikatsiya va axborot boshqarmasi tizimiga kirib, ularning ma’lumotlarini o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi. Buzish ko‘lami shunchalik jiddiyki, bu borada 12 dekabr kuni Oq uyda AQSh Milliy xavfsizlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Noyabr oyida Microsoft Rossiya va Shimoliy koreyalik xakerlarni koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchilarga hujum qilganlikda aybladi. Oktyabr oyi oxirida esa Fancy Bear guruhi demokratik partiya manbalariga hujum qilib, AQSh saylovlariga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lganligi haqida xabar berilgan.