Minglab shogirdlar, yuksak natijalar va xalqaro e’tirof
Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, Samarqand shahridagi “Innovatsion Maskan” nodavlat ta’lim muassasasi direktori Muhammadxon Soliyev “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Bu yuksak mukofot uning ta’lim sohasidagi ko‘p yillik mehnati, yoshlarga bergan bilimi, xalqaro tajribani mahalliy ta’lim jarayoniga tatbiq etish borasidagi izlanishlari hamda malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shayotgan munosib hissasining e’tirofi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xalqaro tajriba va yuksak til mahorati
Muhammadxon Soliyev Buyuk Britaniyaning Nortgempton universiteti bitiruvchisi. U xalqaro tajribaga ega malakali pedagog va jonkuyar rahbar sifatida xorijiy tillarni o‘rganayotgan o‘quvchi va talabalar, shuningdek, o‘qituvchilarning til ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish va malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
U xorijiy tillarni o‘qitish sohasida xalqaro tan olingan ekspertlardan biri bo‘lib, o‘zbek, ingliz, rus va tojik tillarini mukammal biladi. Muhammadxon Soliyev O‘zbekistonda birinchi bo‘lib C2 darajaga, ya’ni IELTS 9.0 ga teng natijaga erishgan mutaxassis sifatida ham e’tirof etilgan.
Shuningdek, u “Cambridge English” tashkilotining O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi taqdimotchisi hamda treneri sifatida faoliyat yuritib, til o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Xalqaro hamkorlik va yangi imkoniyatlar
M.Soliyev Markaziy Osiyo xorijiy til o‘qituvchilari assotsiatsiyasi — Central Asia TEFL platformasining tashabbuskorlaridan biri hisoblanadi. Uning tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan samarali hamkorlik aloqalari tuzilgan. Jumladan, Yangi Zelandiyaning “Intuto” xalqaro maktabi hamda Buyuk Britaniyaning “ELT Consultants” ta’lim muassasasi rahbari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Muhammadxon rahbarligida olib borilgan ishlar natijasida nufuzli “MM Publications” nashriyoti tomonidan O‘zbekistonga 300 ming yevro miqdorida grant ajratilishiga erishilgani ham uning xalqaro hamkorlik borasidagi faoliyati samaralaridan biridir.
Uning ilmiy izlanishlari ham e’tiborga molik: 10 ga yaqin ilmiy ish va maqolalari AQSh, Germaniya va Hindistondagi xalqaro tan olingan ilmiy jurnallarda chop etilgan.
5 mingga yaqin shogird — katta maktab samarasi
2017 yilda Samarqand shahrida “Innovatsion Maskan” nodavlat ta’lim muassasasiga asos solgan Muhammadxon Soliyev shu kunga qadar qariyb 5000 nafar shogird tayyorlashga erishdi.
Bugungi kunda uning shogirdlari AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va dunyoning yana 20 ga yaqin mamlakatlarida tahsil olmoqda. Bu raqamlar ta’lim muassasasida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlarning amaliy natijasini yaqqol ko‘rsatadi.
So‘nggi uch yil davomida Muhammadxon O‘zbekistondagi 16 dan ziyod oliy ta’lim muassasasiga metodologik yordam ko‘rsatib, ta’lim sifatini oshirish va malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Shu bilan birga, davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari hamda pedagoglar uchun muntazam ravishda mashg‘ulot va treninglar o‘tkazilmoqda. Uning tashabbusi bilan Samarqand viloyati hokimligi xodimlari va xalq ta’limi tizimidagi o‘qituvchilarning har shanba kuni bepul mahorat darslarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratilgan.
Natija raqamlarda namoyon
“Innovatsion Maskan” nodavlat ta’lim muassasasi jamoasi erishgan natijalarda M.Soliyevning rahbarlik salohiyati va ustoz sifatidagi mehnati yaqqol namoyon bo‘ladi. Uning rahbarligi ostida muassasaning 1500 dan ziyod o‘quvchisi milliy va xalqaro til bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritgan. Jumladan, Suhrob Murodov C2 CEFR hamda IELTS 9.0 sertifikatlarini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbek yoshlaridan biri bo‘ldi. Bobirjon Baxtiyorov ham IELTS 9.0 natijasiga erishdi.
Shogirdlarning xalqaro universitetlarga kirishi va yirik grantlarni qo‘lga kiritishi ham ta’lim muassasasida yaratilgan imkoniyatlar samarasidir. A.Sanayev AQShning Arizona State University universitetidan 330 ming AQSh dollari miqdorida grant, P. Subhonqulov Duke University universitetidan 220 ming AQSh dollari miqdorida grant, U.Avchiyev esa Michigan State University universitetidan 200 ming AQSh dollari miqdorida grant sohibiga aylangan.
Muhammadxon Soliyev shogirdlarining izlanishlari faqat til o‘rganish bilan cheklanib qolmayotgani ham e’tiborga loyiq. Uning o‘quvchilari Saidafzal Shukurov, Hojiakbar Murodov va Samandar Muhammadiyevlar ingliz tilini o‘rganishni sun’iy intellekt hamda kengaytirilgan reallik — AR (Augmented Reality) texnologiyalari yordamida baholash imkonini beruvchi adaptiv tizim yaratgan. Mazkur platforma 10 ga yaqin mamlakatda sinovdan o‘tkazilgan. Loyiha bosh qarorgohi Gretsiyada joylashgan va 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadigan nufuzli xalqaro ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri — Maria Diavati nomidagi Xalqaro ilmiy-izlanish va pedagogik maktabi mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, amaliyotga joriy etilgan.
Kelajakka qaratilgan mehnat
Muhammadxon Soliyevning faoliyatida e’tiborli jihat — u erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmayotgani, balki yangi avlod pedagoglari va yoshlar uchun imkoniyatlar yaratishga intilayotganidir. Uning ustozlik faoliyati natijasida xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan, nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olayotgan, yirik grantlarni qo‘lga kiritayotgan va zamonaviy texnologiyalar asosida yangi loyihalar yaratayotgan yoshlar safining kengayib borayotgani shundan dalolat beradi.
“Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanishi esa Muhammadxonning nafaqat bugungi mehnati, balki mamlakat ta’limi va yoshlar kelajagiga qo‘shayotgan uzoq muddatli hissasiga berilgan munosib bahodir.