Moskvadagi ko‘p qavatli uylarning birida portlash sodir bo‘ldi

29 iyun kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrining shimoliy-sharq hududida joylashgan aholi istiqomat qiluvchi ko‘p qavatli uylarning birida portlash yuz berdi. Buning oqibatida 70 kvadrat metr maydonga teng to‘rtta kvartira alanga ichida qoldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash gaz sizib chiqishi oqibatida sodir bo‘lgan. Bu haqda RIA Novosti nashriga Moskva shahar tezkor xizmat shtab vakili xabar berdi.

Tezkor xizmat shtabi bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash oqibatida 7 kishi jarohatlangan, qurbonlar haqida ma’lumot taqdim etilmadi.

FVV Moskva shahar bo‘limi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, alanga olgan bino ichidan 5 kishi qutqarib olingan.

Mahalliy vaqt bilan soat 14:32 (16:32 – Toshkent vaqti)da yong‘in bartaraf etilgan.

Moskva shahar prokuraturasi matbuot kotibi Lyudmila Nefedova sodir portlash yuzasidan Moskva shahar prokuraturasi surishtiruv ishlarini boshlaganini ma’lum qildi.