Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Moskvadan maktub: Yerga ko‘milgan nur

Hurmatli tahririyat, men bobom Said Rizo Alizoda tavalludining 135 yilligini ona shahrim - Samarqandda munosib nishonlab, olam-olam taassurot bilan Moskvaga, farzandlarim huzuriga keldim.

Takror bo‘lsa ham ma’rifatparvar bobom yubileyini munosib o‘tkazishga hissa qo‘shgan O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Samarqand shahar hokimi F.Umarov, ularning barcha fidoyi xodimlariga, jamoat tashkilotlariga sulolamiz nomidan minnatdorlik bildiraman.

Biz S.Alizoda merosini o‘rganishni bir lahza ham to‘xtatganimiz yo‘q. Men yaqinda bobomning akasi yashagan Mashhad shahriga borib, avlodlarimizni surishtirdim. Bobomning padari buzrukvori hoji Mirmahsum 1820 yilda Eronning Nishopur shahriga ko‘chib o‘tgan. Undan keyin bir muddat Afg‘onistonning Kobul shahrida istiqomat qilgan va keyin Buxoroga, ko‘p o‘tmay Samarqandga kelgan. 1910 yilda vafot etgan va Samarqanddagi Panjob qabristonida dafn etilgan.

Hoji Mirmahsum 90 yil yashagan. U dunyo ko‘rgan va odamoxun, shu bilan birga savodli kishi bo‘lgan. U kishi sulolasi an’anasini davom ettirib shoyi va qalin gilam to‘qish bilan shug‘ullangan va shu hunaridan kun ko‘rgan. Darvoqe, Mashhadda biz katta bobomizning qizil jildlik daftarchasi (bloknoti)ni topishga muvaffaq bo‘ldik. Bu daftarcha bundan 150 yil oldin tutilgan. Unda Qur’onning arab va fors tilida katta bobomiz qo‘li bilan yozilgan oyatlari va ko‘plab she’riy misralar bor. Demak, katta bobomiz ham ma’naviyatga, ijodga yaqin odam bo‘lgan.

1975 yilda Said Rizo bobomning umr yo‘ldoshi bilan suhbatda momom bobom qamalgandan so‘ng uning noyob kitoblarini to‘rtta qopchaga solib, qarindoshlaridan birining hovlisiga ko‘mib qo‘yganini, u yerda kitoblar ishonchli saqlanayotganligini aytgan edilar. Darvoqe, shu kitoblar ichida bobom yozgan musiqiy nota kitobi ham bo‘lgan. Ming afsuski, katta onamizning vafotidan keyin biz bu manzilni topa olmadik. Yer ostiga ko‘milgan nur biz uchun armonga aylandi.

Samarqandga kelgach, bir muddat o‘tgandan so‘ng bobomning akasi Mirhasan 1927 yilda oilasi bilan Eronga ko‘chib ketgan. Bobom esa "men Turkiston farzandiman, Samarqand farzandiman, chunki shu yerda dunyoga keldim, bu tuproq men uchun aziz" deb shu yerda qolgan.

Hozircha bilganlarim shular. Nasib etsa, keyingi gal borganimda katta bobomning daftarchasidagi bitiklarni o‘rganamiz. Va Said Rizo Alizodaning hayotiga oid yangi ma’lumotlarni olamiz, degan umiddaman.

Sizlarni sog‘inib, Farhod Alizoda.

2023 yil 2 fevral. Moskva.

***

Suratlarda: 1. Said Rizo Alizoda otasi bilan Samarqanddagi hozirgi uy-muzey hovlisida 1888 yilda tushgan surat. 2-3. 150 yil oldin tutilgan bloknot.