Muammo hududni obodonlashtirish bilan bitmaydi

Ayni kunlarda Kattaqo‘rg‘ondagi mahalla va qishloqlarda ham obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Tumandagi Yakkabog‘ mahallasining bir qismi, Qoradaryo mahallasidagi obodonchilik ishlari bilan tanishdik.  

- Mahallamizda 5900 aholi, 1250 xonadon bor, - deydi mahalla raisi Akbar Toshev. – Yaqinda mahallamizda tuman favqulodda vaziyatlar, obodonlashtirish, yo‘llardan foydalanish bo‘limlari xodimlarining ko‘magi bilan 4 kilometr ichki yo‘lga tosh tashlandi, 50 dan ortiq xonadon suvaldi, 2 ming tup ko‘chat ekildi, 150 dan ortiq kam ta’minlangan va nogiron fuqarolarning tomorqalariga ishlov berildi. Tibbiyot birlashmasi xodimlari 40 foiz aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, elektr tarmoqlari korxonasi eskirgan transformatorlarni ta’mirladi, tuman gaz idorasi maishiy gaz ballonlari tarqatdi, tijorat banklari mutaxassislari aholining kreditga bo‘lgan ehtiyojini o‘rgandi.

Lekin bu bilan mahalladagi muammolar to‘liq bartaraf etilmadi. Chunki mahallamizda suv yo‘q. Hashar bilan ikkita ko‘chaga 3 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi, lekin ekinlarni sug‘orish uchun suv keltirishning imkoni bo‘lmayapti. Mahallamizda o‘nga yaqin millat vakillari istiqomat qiladi va ularning aksariyati mavsumiy ish bilan oila tebratadi. Eski va qo‘lbola simyog‘ochlar, elektr energiyasidagi uzilishlar, tabiiy gaz, ichimlik suvining yo‘qligi tufayli bu yerda birorta tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishning imkoni yo‘q. Yoshlarimiz asosan shaharga borib tadbirkorlik qiladi yoki ishlash uchun xorijga ketadi. Shu muammolarga yechim topilsa, qishloqda ham infratuzilma yaxshilansa, farzandlarimiz shu yerda mehnat qilsa yaxshi bo‘lardi.

- 2010 yilgacha Rossiyada ishlab, orttirgan mablag‘imizni shu yerda tadbirkorlik qilish uchun makaron ishlab chiqarish uskunasi sotib olib keldim, - deydi Polvontepa mahallasida yashovchi Rauf Mirzayev. – Afsuski, elektr ta’minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi. Keltirgan uskunamizni esa bir necha yil avval xarid qilgan narxidan besh barobar arzonga sotishga majbur bo‘ldim. Ukalarim kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish uskunasini keltirib, shaharda ishlayapti. Qishloqlarda yashovchi bolalar ishlash uchun majburlikdan shaharga yoki chet elga ketishyapti. Agar mahallamizga Prezident kelsa shu gaplarni aytaman. Qishloqlarda infratuzilma yaxshilanmasa, qancha kredit berilsa ham tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, shu yerda ish bilan ta’minlash qog‘ozda qolib ketaveradi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.