Murojaatnoma - kelgusi faoliyatimiz uchun “yo‘l xaritasi”

O‘tayotgan har bir yilimiz ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish yo‘lidagi bilim va ko‘nikmalarimizni oshirib borish, yuksalishlar davri sifatida tarixga muhrlanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 24 yanvar kuni Oliy majlisga murojaatini ham ana shunday katta Milliy dasturlardan biri sifatida baholash mumkin.

Sababi, unda alohida qayd etilgan va ta’kidlangan usullar bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshirish hamda iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikka erishish mumkin.

Bu galgi murojaatnomada yaqin besh yillikda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, faol ichki va tashqi siyosat olib borish, jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samaradorligini avvalo xalqimiz farovonligi va turmush sharoitining yaxshilanishi bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Ijtimoiy sohalar, jumladan tibbiyot, ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi ishlarni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar qachon o‘z samarasini berishi mumkin? Qachonki ishlarimiz tizimli olib borilganda.

Muhtaram Prezidentimiz yoshlarga hamisha katta kuch sifatida baho bergan. Murojaatda ham yoshlarga, o‘sib kelayotgan yosh avlodga alohida e’tibor qaratildi.

Taraqqiy etgan mamlakatlar, masalan, Yaponiya, Shvetsiya yoki Germaniya aholisining 60-65 foizini nafaqa yoshiga yetgan fuqarolar tashkil etadi. Bizda esa aksincha, mamlakat aholisining 60 foizi yoshlardan iborat. Har qanday millat taqdirini hamisha uning bilimli, iqtidorli yoshlari hal etgan. Bunga tarix misol. Faoliyatimiz yoshlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ularni ko‘p kuzatishga to‘g‘ri keladi. Ular orasida mamlakat kelajagi va taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan, ilm fanni, o‘z sohasini mukammal egallagan, iqtidor jihatdan dunyoning eng zo‘r mutaxassisi bilan bellasha oladigan yoshlarimiz borligi meni hamisha hayajonga soladi. Biz ulardan foydalanishimiz kerak. Ular o‘z salohiyatini yurtimiz kelajagi uchun sarflashlariga sharoit yaratib berishimiz lozim. Toki, biz kurashayotgan korrupsiya va boshqa illatlar ularning kelajagiga to‘siq bo‘lmasin, ular o‘zlarining iqtidorlarini xorijda emas, O‘zbekistonda namoyon qilsin.

Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yoshlarimiz uchun hozir sharoit yaratib bermasak, ulardan ajralib qolishimiz aniq. Ular katta avlod vakillaridek, “hayot shu ekan” deb, sabr bilan kutishni bilmaydi. Masalaning dolzarbligi ham shunda.

Prezidentimizning oziq-ovqat havfsizligini ta’minlash va mahsulot ishlab chiqarish hajmini kelgusi besh yilda 2,5 baravar oshirish haqidagi fikr bildirdi. Bunga qanday erishish mumkin? Yurtimizga kelgan har bir xorijiy ekspert buni har hoim alohida ta’kidlaydi, tan oladi. O‘zbekistonda ekologik jihatdan toza xom ashyo (go‘sht, sut, meva, sabzavot va hokazo) ko‘p. Dunyo bozorida kimyoviy ishlov berilgan, uzoq muddat turli iqlim sharoitlarida saqlanishi kafolatlangan, geni o‘zgartirilgan oziq ovqat mahsulotlarining bozori chaqqonmi yoki tabiiy toza mahsulotlarningmi?

Demak, mahsulotlarimizni jahon bozorida obrazli qilib aytganda “ko‘zga surtib olishlari mumkin”. Ammo bizning bozorimiz yo‘q, nega? Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, biz avvalo yaqin atrofimizdagi Hamdo‘stlik davlatlari bozorlarida o‘z o‘rnimizga ega bo‘lib olishimiz kerak. Buning uchun mahsulotlarni qayta ishlash, qadoqlash talab etiladi. Buning uchun bizga zamonaviy texnologiyalar lozim, qolaversa, o‘sha texnologiya bilan ishlashni biladigan mutaxassislar ham suv bilan havodek kerak.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ayni kunda bir necha halqaro xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib bormoqda, grant loyihalarda ishtirok etmoqda. Misol uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Shemonics” kompaniyasi agrobiznes, salomatlik, fan va ta’lim, shuningdek, iqtisodiyot va xalq xo‘jaligining turli yo‘nalishlari bo‘yicha innovatsion loyihalarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanuvchi yirik xalqaro tashkilotlardan biri. Ular yurtimizga, iqtisodiy salohiyatimizga katta qiziqish bildiryapti. Biz shu kabi xorijiy hamkorlarimiz ko‘magida iqtisodiyotimizni zamon talablari darajasida yuksaltirishga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga erishishimiz mumkin.

Institutda joriy etilishi nazarda tutilayotgan yangi innovatsion g‘oya – Ta’lim klasteri haqida ham alohida to‘xtalish mumkin. Bu loyiha ishlarimizni uzluksiz va tizimli tashkil qilishda katta ijobiy natija berishi aniq. Bu endi alohida katta mavzu.

Murojaatnomani Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lidagi “yo‘l xaritasi” sifatida belgilab, kelgusi faoliyatimizni shu asosda olib borsak, jamiki sa’y-harakatlarimiz tezroq natija ko‘rsatishiga ishonchimiz komil.

Xudaynazar YuNUSOV,

SamVMI rektori, biologiya fanlari doktori.