Mutolaa: Itimni o‘ldirmasin! (Hikoya)
To‘lqin Siddiq
Assalomu alaykum, hokim buva! Yaxshimisiz? Qishlog‘imizda kimni qanday muammo qiynasa, darrov sizga xat yozarkan. Men ham shuning uchun qo‘limga qog‘oz-qalam oldim. Iltimos, ushbu murojaatimni e’tibordan chetda qoldirmang! Erinmasdan o‘qib chiqing!
Qoplon bilan birga-birga katta bo‘ldik. U meni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymagan. Yozda hovlidagi so‘rida yotaman. Itim esa supachada. Uyqum kelguncha u bilan xayolan suhbatlashaman.
Ulbo‘sin opamning jahli yomon bo‘lmaganda, sovuq kunlari ham birga yashardik. Xonamda Qoplon uchun alohida o‘rin hozirlab qo‘yganman. Bir safar shu joyda o‘tirib men bilan birga multfilm tomosha qilayotganda shu opam ko‘rib qolib, ikkalamizniyam rosa kaltaklagan.
Boshqa opamlar xato qilib qo‘ysam ham sekin muloyimlik bilan tushuntiradi. Ulbo‘sin opam esa beting-ko‘zing, deb o‘tirmaydi. Qo‘shnimiz Apipa chechaning aytishicha, uning ismi Ulbo‘sin bo‘lmaganda, men qiz bola bo‘lib tug‘ilishim mumkin ekan. Shuning uchun ham uni ayayman.
Qoplon ham nimagadir undan qo‘rqadi. O‘rningda bo‘lganimda Ulbo‘sinning seni tepgan oyog‘idan qopib olgan bo‘lardim, desam, “qo‘yaver”, deb qo‘l siltagandek old oyog‘ini ko‘tarib tushiradi.
Hokim buva, aslida sizga opam Ulbo‘sindan arz qilib xat yozmayapman. Qo‘shnimiz Sadir boboning nohaq ekanligini bildirmoqchi edim. Sababi, u itim Qoplonni tuhmat bilan “qamatibdi”. Bugun oromgohdan qaytgan edim. Uyga kelsam u yo‘q. Ulbo‘sin opamning aytishicha, itlarni qamab qo‘yadigan va kerak bo‘lsa ularni o‘ldiradigan qaysidir tashkilot xodimlari tuppa-tuzuk yurgan kuchukni quturgan, deb ayblab boshiga no‘xta taqib olib ketishibdi.
Ishonmasligingiz mumkin, ammo men u bilan tushimda gaplashib turaman. Kecha tunda ko‘rgan tushimda u yarador, kir-chir, yunglari to‘kilib yotgan turli daydi kuchuklar bilan katta bir temir qafasda yotganmish. U bilan uzoqdan turib gaplashdim. Yoniga borishga itlarning “melisa”si ruxsat bermadi.
- Nima bo‘ldi senga, Qoplon!
- Ey, qo‘yaver, - dedi qo‘l siltagan odamdek old oyog‘ini ko‘tarib-tushirib. – Sadir bobo menga tuhmat qildi. Ustimdan yuqoriga arz qilibdi.
- Nega?
- Nima emish, men uni tishlaganmishman. Quturganmishman.
- Uyga kelganmidi?
- Yo‘q, ko‘chadan o‘tib ketgandi.
- Sen ko‘chada nima qilib yuribsan, chiqma, degandim-ku!
- Aybim shu, seni kutib olish uchun darvozadan tashqariga chiqib, yotgandim hech kimga halal bermay.
- Xo‘sh, nega unda?..
- Aslida yaqinigayam yo‘laganim yo‘q. Tep-tekis ko‘chadan o‘tayotib, o‘zi surinib tushdi-da, xuddi men aybdordek, menga qarab juda qo‘pol so‘kindi. Xuddi sen opalaringga nohaq gap qaytarganingda, “hoy o‘zingni bos”, degan ma’noda xirillab qo‘yganimday bir marta “xir-r-r-r-r” dedim, xolos. Bor gap shu!
- Bilardim shunday bo‘lishini. Shuning uchun ko‘chaga chiqma, deymanda. Daydi it, deb qancha kuchuklarni olib ketishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
- Shu odamlarga tushunmayman-da. Qancha bolalar, yigit-qizlar, hatto kattalar ham ko‘chada kecha-yu kunduz behuda sang‘ib yurishadi. Ularni daydi odam, deb hech kim olib ketmaydi.
- It bilan insonning farqi katta-da, Qoplon!
- Turdibek, nima deb o‘ylaysan meni qo‘yib yuborishadimi?
- Bilmadim, Ulbo‘sin opamning aytishicha, sen Sadir boboni qopganlikda ayblanasan!
- Qancha muddatga qamalarkanman?
- Qanchadir muddatga bo‘lsayam qamalib, qaytib chiqsang qaniydi!? Senga o‘lim jazosi berilganmish.
- Nima?
- Ha, afsuski shunday! Quturish kasalligiga chalingan emishsan. Bu yuqumli emish. Odamlarga ham yuqarmish.
- Yolg‘on, tuhmat bu. Laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazsin! Odamlar kasal bo‘lsa tahlil oladi-ku. Itlarni tekshirmasdan turib o‘ldirib yuboraveradimi?
- Aytdim-ku, it bilan insonning farqi bor, deb!
- Itlarda nima ayb, qaysidir kasallikka qarshi emlash jarayonini bechora onamda sinab ko‘rishgan ekan. Undan muvaffaqiyatli o‘tgach, yangi jarrohlik usulini sinab ko‘rish uchun uni o‘ldirib qo‘yishgan. Shu sabab yetim qolganman.
- ...
- Turdibek, o‘zing o‘yla, shu to‘g‘rimi?
- ...
- Esingdami? Yaqinda multfilm ko‘ramiz, deb bir ko‘rsatuvni tomosha qilgandik. Bir odamni shafqatsizlarcha o‘ldirgan uch kishiga ma’lum muddatga qamoq jazosi tayinlagandi. Nahotki, meni bir marta “xir-r-r-r-r” deganim uchun o‘ldirib yuborishsa! Iltimos, meni bu yerdan olib ket.
Yo‘qsa, atrofimdagi mana bu itlar orasida quturganlari bo‘lsa menga ham shu kasallik yuqib qolishi mumkin!
Qoplon shu gapni aytishi bilan yonidagi ko‘ppaklar uni eshitib turgan, shekilli, birdaniga itimga tashlanib qoldi...
Qo‘rqib uyg‘onib ketdim. Uyga kelsam tushim o‘ngidan kelganiga guvoh bo‘ldim.
Shunaqa gaplar, hokim buva! Iltimos, itimga yordam bering! Uning aybi yo‘q. Televizordagidek, uni ham sud qilsin, mayli. Hech bo‘lmasa, Sadir cholning oyog‘ini tekshirib ko‘rsin. Qoplonning tishi tugul tirnog‘ining ham izi bo‘lmasligi aniq. Mahallada ko‘pchilik uni “vahimachi bobo”, “chapaqo‘l yozuvchi” deyishadi. Nima bo‘lgandayam u nohaq! Iltimos, itlarning “melisa”siga ayting, Qoplonni o‘ldirmasin!