Mutolaa: Zaharli hasad
Bir ayol ikkinchisini yomon ko‘rib qolibdi. Chunki yangi ishga kelgan bu xonim bo‘lim boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Mohira to‘lachadan kelgan, yolg‘iz ayol edi, kiyinishi, soch turmagi ham oddiygina. Shunday qilib da’vogar Shahlo qolib ketib, mas’uliyatli ish o‘rni Mohiraga tegdi.
Shahlo juda achchiqlandi, zardobi qaynab, g‘azabdan raqibasidan o‘ch olish yo‘lini o‘ylab topdi: u internetda soxta sahifa yaratib, u yerga kelishgan bir yigit suratini joylashtirdi va Mohiraga Ilhomjon nomidan xat yoza boshladi. Soxta oshiq Mohiraga kundan-kunga har xil nozik shama va yoqimli so‘zlar yozardi. Shahlo ko‘rimsiz, Mohira bu uydirma odamni sevib qolishini, vaqti kelib yigit oshiq ayolni tashlab ketib, uning aft-angori haqida unga juda ko‘p achchiq va nafratli so‘zlarni yozishni orzu qilardi.
Ayol ana shunday jirkanch narsani o‘ylab topdi va o‘z rejasini juda muvaffaqiyatli amalga oshira boshladi. Mohira dastlab maktublarga tortinibroq, ishonchsizlik bilan javob qaytarardi, keyinchalik unga ishona ketdi, yuzida tabassum yugurdi, chehrasi ochilib, baxt og‘ushiga sho‘ng‘iy boshladi... Ajoyib! Shahlo uni burchaklardan kuzatar va hamtovoq dugonasi bilan birga Mohirani masxara qilardi.
Taqdiri azalning og‘ir kunlarini boshdan kechirgan sirli beva erkak, kelishgan yigit Ilhomjonga oshiq bo‘lgan Mohira parhez tutdi, sport zaliga qatnay boshladi. Ayollar saloniga borib, nafis soch turmagini qildirdi. U chiroyli kiyina boshladi, chunki yangi maoshi bunga imkoniyat berardi. Va g‘ayrioddiy tarzda gulday ochilib ketib, go‘zal ayolga aylandi. Ko‘p o‘tmay Mohira yangi lavozimga ko‘tarildi, negaki, u katta ishtiyoq bilan ishlardi! Maoshi ham oshdi, albatta.
Kunlarning birida uni soha bo‘yicha bo‘lib o‘tgan tadbirlardan birida bir tashkilotning xodimi yaxshi ko‘rib qoldi. Shundan so‘ng hasadgo‘y Shahlo xat oldi:
“Ilhomjon aka, sizga iqror bo‘lishim kerak, men boshqa birovni uchratdim, biz oila qurmoqchimiz. Hayotimdagi eng qiyin onlarni o‘tkazayotgan paytlarimda menga tasalli bo‘lgan edingiz, sizning g‘amxo‘rligingiz tufayli o‘zgarganim uchun sizdan minnatdorman, men o‘zimni ko‘proq hurmat qila boshladim. Aziz do‘stim, men sizni hech qachon unutmayman. Alvido! Qalbingizga ozor bermaslik uchun raqamingizni bloklab qo‘yaman va hammasi uchun sizdan uzr so‘rayman. Kechiring. Mohira.”
Mohira turmushga chiqdi, hasadgo‘y soxta Ilhomjon esa asabiy tushkunlik bilan kasalxonaga tushdi. Psixiatriya shifoxonasida u hammaga o‘zini “Ilhomjon” deb tanishtira boshladi...
Bahora tayyorladi.