Muvaffaqiyatsiz o‘tkazilgan jigar transplantatsiyasi amaliyoti Senatda muhokama qilindi
Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan jigar transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida xabar bergan edik.
Oliy Majlis Senatida “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi muhokamasi jarayonida shu masalaga ham e’tibor qaratildi.
Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O.Iminov “Yo‘l xaritasi”da belgilangan ayrim vazifalar ijrosi muddatidan kechikayotganligini ta’kidladi.
Jumladan, inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish tartibini belgilash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagani, tibbiyot muassasalari tomonidan donor va retsipiyentlarni transplantatsiyaga tayyorlash hamda undan keyingi davolanish va kuzatuvni samarali tashkil etish bo‘yicha mas’ul shaxs tayinlash, kuzatuvchi mas’ul shaxs va tibbiy psixolog shtatini ajratish masalasi yakuniga yetkazilmaganligi tanqid qilindi.
Tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan shaxslarni (original) immunosuppressor dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagani shu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etishga to‘sqinlik qilayotgani aytildi.
Senatorlar “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, bu borada mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga mas’uliyatni yanada oshirish haqida tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, majlisda Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan jigar transplantatsiyasi va uning oqibatlari xususida atroflicha muhokama o‘tkazildi.
Kelgusida respublikamizda transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazishga tayyorgarlik jarayonlari keng jamoatchilik hamda malakali ekspertlar guruhi bilan birgalikda amalga oshirilishiga kelishib olindi.