Narpayliklarni nima qiynayapti?
Odatda odamlar biron muammosi bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shahar yoki tuman xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Negaki, hudud rahbarlari asosan shu muassasada aholini qabul qilishga odatlanmoqda.
Narpay tumanidagi xalq qabulxonasida 2021 yil yanvar-fevral oylari davomida 8 marta qabul o‘tkazilgan. Ma’lum qilishlaricha, ushbu qabullar davomida 645 tadan ortiq murojaat ro‘yxatga olingan.
Murojaatlarning 214 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 258 tasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan. 166 ta murojaat tegishli tashkilotlar tomonidan qabul qilingan va o‘rganib chiqilmoqda. Shuningdek, 7 ta murojaat rad qilingan.
Umuman, Narpay tumanidagi xalq qabulxonasiga joriy yilning o‘tgan davrida 256 ta jismoniy va yuridik shaxslar 272 ta masala yuzasidan murojaat qilgan.
Ushbu murojaatlardan 220 tasi virtual qabulxona elektron dasturi orqali tumandagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga, tuman miqyosida hal qilishning imkoni bo‘lmagan 52 ta murojaat viloyat xalq qabulxonasi orqali yuqori turuvchi davlat organlariga yuborilgan.
O‘tgan davr mobaynida 224 ta yoki 82,1 foiz murojaatga javob berilgan yoki joyida ijro etilgan. Ushbu murojaatlardan 159 tasi qanoatlantirilgan, 11 tasiga tushuntirish berilgan, 18 tasi huquqiy maslahat berish orqali hal etilgan. Murojaatlarning 5 tasi uchun qo‘shimcha hujjatlar talab qilsa, 48 ta murojaat ko‘rib chikilmokda.
Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p murojaat ish bilan ta’minlash masalasida - 39 ta bo‘lgan.
Keyingi asosiy muammo gaz, elektr energiyasi, suv va issiqlik ta’minoti hamda uy-joy masalasi. Negaki, xalq qabulxonasiga 2 oy ichida kommunal sohaga oid 29 ta, uy-joy bo‘yicha 21 ta murojaat kelib tushgan.
Shuningdek, qabulxonada pensiya va nafaqa masalasida 23, moddiy yordam masalasida 18, aliment masalasida 18, bank xizmatlari va kredit masalasida 13, sog‘liqni saqlash masalasida 10, ichki ishlar faoliyati bo‘yicha 3 ta murojaat ro‘yxatga olingan.
Boshqa masalalarda ham 90 ta ariza va shikoyatlar bo‘lgan.
Qayd etilishicha, xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mutasaddi korxona va tashkilotlarga yuborilib, o‘z vaqtida sifatli ko‘rib chiqilishi va keltirilgan muammolar ijobiy hal etilishi yuzasidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.