Navoiy asarlari bugungi kunda ham bizni ma’rifatga chorlab turadi

Mir Alisher Navoiy tug‘ilgan kunida Imom Buxoriy nomidagi hadis maktabida hadis ilmini o‘rganayotgan yoshlar, taniqli olimlar, jamoatchilik vakillari bilan bir suhbatda ishtirok etdim. Albatta, tadbirni tashkil qiluvchi aka-uka ziyolilar garchi ota-onasi xotirasiga xatm-qur’on qilishgan bo‘lishsa-da, davraning yo‘rig‘i hazrat Navoiy ma’rifatiga bag‘ishlandi.

- Alisher Navoiy asarlarining ko‘p nusxalari xorijdagi kutubxona va muzeylardan mamlakatimizga keltirilmoqda, - dedi hadis maktabi rahbari Olim Yusupov. - Qo‘lyozmalarning noyobligi shundaki, unda xattot mahoratidan tashqari, ajdodlarimizning hali bizgacha yetib kelmagan meros namunalari mavjud. Shulardan biri 1500 yilda Sulton Husayn topshirig‘i bilan yaratilgan kulliyotdir. Muqovasi teridan qilingan, yozuvlariga esa oltin suvi yugurtirilgan. Alisher Navoiyning bu to‘plami hozirgacha Istambul kutubxonasida saqlanadi. Mazkur qo‘lyozma nusxasi bizga ham keltirildi. Bugungi suhbatimizda ana shu to‘plam mohiyatini tushuntirib berish uchun yosh, iqtidorli adabiyotshunos, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi Akram Malik tashrif buyurgan.

Darvoqe, bu yigit ikki oycha ilgari ham bosh kutubxonamizda shu mavzuda chiroyli ma’ruza qilgan edi. Mehmon suhbatni buyuk mutafakkirning bugungi kunda hayotimizni yanada yaxshi qilish uchun zarur bo‘lgan xulosalarini sharhlashdan boshladi. Bu avvalo, o‘zni anglash, birovni tinglay bilish, o‘zini dunyoning bir zarrasi deb bilish, e’tiqoddan voz kechmaslik, eng muhimi, boshqalarga ziyon yetkazmaslik kabi tushunchalar edi.

- Ammo bunday fazilatlar faqat bitta holatda inson vujudida ro‘yobga chiqadi, ya’ni u ma’rifatli bo‘lsagina, - dedi Akram Malik. - Navoiy deyarli barcha asarlarida ana shu g‘oyani ilgari suradi.

Uning fikricha, bu to‘plamda «Munojot» o‘ziga xos tarzda yozilgan. «Munojot» - bu Allohga hamdu sano aytishgina emas, balki inson o‘z gunohlariga iqror bo‘lishi, kamchiliklarini tan olishi, tavba-tazarru qilishi va keyin bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun va’da berishining poetik ifodasi. Biz esa gohida Xudoni unutganligimiz tufayli qonunlarni ham mensimay qo‘ydik. Xatolarimizni tan olish o‘rniga o‘zimizni oqlashga berilib ketdik.

Yana bir ibratli xulosa. Biz ko‘p hollarda biror xatoga yo‘l qo‘ysak, yuzaki bo‘lsa-da, kechirim va uzr so‘raymiz, «Meni shayton yo‘ldan urdi» deymiz. Vaholanki, Navoiy asarlaridagi xulosalarni o‘qib, uqib, anglab yetsak, unga ko‘ra, shayton hamisha bizning ichimizda va bu shayton xuddi o‘zi kabi vujudingizda mavjud nafsingizni qo‘llab-quvvatlaydi. Demak, nafs hamisha biz bilan birga, Xudo ana shu nafsni tiyish uchun bizga aql, farosat bergan. Insonning qadr-qimmati ham umri davomida shayton va nafsga qarshi kurashiga qarab belgilanadi.

Akram Malik Alisher Navoiy merosining ahamiyati haqida gapirar ekan, oilaviy tarbiya, ota-ona ibrati mutafakkir asarlari g‘oyasining bosh o‘zagi ekanligini alohida ta’kidladi. «Farhod va Shirin» dostonida Farhodning ota taklifiga moyillik bildirmasdan, ya’ni imtiyozdan foydalanmasdan, kitob o‘qishga, fikrlashga, oddiy bo‘lishga intilishi bu ota so‘zining inkori emas, balki otaning ibratli tarbiyasi samarasidir. Alisher Navoiy Farhod obrazi orqali inson umri davomida turfa hollarga duch kelishi, faqat ongu shuuri yetgan narsalargagina amal qilishi va har qanday holatda ham faqat sabr va tafakkur bilan yashashi zarurligini ta’kidlaydi. Farhod o‘z yo‘lida duch kelgan qiyinchiliklar har kimning boshida bo‘lishi mumkin, lekin bu dostonda bu vaziyatlar turli obrazlar orqali ko‘rsatib berilgan.

«Layli va Majnun»dagi Laylining latofatiyu Majnunning dardi ham faylasufona sharhlangan. Ya’ni, ishq bu - lahzalik hayajon. Qat’iyat, vafo, sadoqat, yurakni anglash kabi fazilatlarni paydo qilmagan bu lahzalik his muhabbat bo‘la olmaydi. Muhabbat sinovlari bu - hayotning sinovlaridir. Zero, buyuk shoir muhabbat asnosida yolg‘iz Xudoga suyanishgina insonning vujudini quvvatli qiladi, degan xulosaga keladi. Xudoga suyanish bu - faqat xudodangina o‘ziga kuch-quvvat so‘rash deganidir. Allohdan boshqaga suyanish, bog‘lanib qolish hamisha hayotda inson oldiga juda katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Negaki, xato qilmaydigan odam yo‘q.

Alisher Navoiy asarlari bugungi kunda ham bizni ma’rifatga chorlab turibdi. Ma’rifat esa fikrimizni teranlashtiradi, dillarimizni yaqinlashtiradi, ezgu fazilatlarni birga baham ko‘rishga imkon yaratadi. O‘z qadrini, zamonasi qadrini, atrofidagilarning qadrini anglagan inson xudoning suyukli bandasi, jamiyatning faol fuqarosi hisoblanadi.

Men suhbatdan ana shu taassurotlar bilan qaytayotganimda hamrohim, faxriy muallim Abdumalik Majidov so‘rab qoldi:

- Men ham ushbu muloqotdan ko‘p narsa oldim. Nega biz ma’rifiy suhbatlar o‘tkazmaymiz, hammasini seminar, konferensiya deb rasmiylashtiramiz. Vaholanki, oddiy aholi o‘rtasida «Navoiyxonlik», «Boburxonlik», «Mashrabxonlik» kabi mashvaratlar bo‘lganku axir…

Endi bu savolga mutasaddilar javob berar.

Farmon Toshev.